Buxoro tumani: “Oybek” fermer xo‘jaligida ilg‘or agrotexnologiyalar joriy etilmoqda
2026-03-30 13:30:00 / Yangiliklar

Buxoro tumanidagi “Oybek” fermer xo‘jaligida chigit ekish mavsumiga puxta tayyorgarlik ko‘rilib, jarayonlar belgilangan muddatlarda va agrotexnik talablar asosida tashkil etilmoqda. Xususan, mazkur fermer xo‘jaligi joriy yilda 35 gektar maydonda g‘o‘zaning mahalliy “Porloq-7” navini xorijiy texnologiyalar asosida yetishtirishni rejalashtirgan. Ekinlar 76x10 sxema tartibida qo‘shqator usulida ekilib, plyonka ostida parvarish qilinmoqda. Ushbu yondashuv chigitning tez va bir maromda unib chiqishini ta’minlab, kelgusida yuqori hosil olish uchun mustahkam zamin yaratadi.
Chigit ekishdan oldin yerlarni sifatli tayyorlash, namlikni saqlash, agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Fermer xo‘jaligida barcha jarayonlar mutaxassislar tavsiyalari asosida tashkil etilib, texnikalar va ishchi kuchidan samarali foydalanilmoqda.
Shu bilan birga, tuman hokimi Anvarjon Ochilov hududlarda bo‘lib, chigit ekish jarayonlari bilan yaqindan tanishmoqda. U fermer xo‘jaliklari rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazib, maydonlarni puxta tayyorlash, chigit ekishni kechiktirmasdan o‘z vaqtida amalga oshirish yuzasidan aniq ko‘rsatmalar bermoqda.
Bugungi kunda tumanda chigit ekish ishlari jadallik bilan davom etib, agrotexnik talablar asosida olib borilmoqda. Bu kabi tizimli yondashuvlar kelgusida yuqori hosildorlikka erishishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.





