Sayyor qabul — xalq bilan faol va ochiq muloqot
2026-02-25 12:00:00 / Yangiliklar

Buxoro tumani hokimining navbatdagi sayyor qabuli “Mustaqillik” mahallasida tashkil etildi. Unda tuman hokimi Anvarjon Ochilov aholi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot olib borib, fuqarolarni qiynab kelayotgan muammolarni o‘rgandi hamda ularni joyida hal etish choralarini ko‘rdi.
Aholi bilan ochiq muloqot qilish orqali mavjud muammolarni aniqlash, ularni bevosita joyida bartaraf etish hamda fuqarolarning murojaatlariga tezkor yechim topish maqsadida tashkil etilgan sayyor qabulda 20 dan ortiq fuqarolarning murojaatlari ko‘rib chiqildi. Xususan, moddiy yordam olish, ish bilan ta’minlash, tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish, infratuzilmani yaxshilash bilan bog‘liq masalalar muhokama etildi.
Qabul jarayonida murojaatlarning 15 tasi joyida ijobiy hal etildi. Ma’lum muddat talab etiladigan masalalar yuzasidan esa tegishli tashkilot va mutasaddilarga aniq topshiriqlar berilib, ularning ijrosi nazoratga olindi. Jumladan, fuqaro Sh. Qosimovning imtiyozli kredit ajratish, hamda V. Husenovaning moddiy yordam tayinlash masalalari joyida ijobiy yechim topdi.
Sayyor qabul davomida mahalla yettiligi bilan hududdagi obodonlashtirish va infratuzilmani yaxshilash masalalari ham muhokama qilindi. Mahallaning har bir xonadoni, ko‘chalari hamda ijtimoiy soha obyektlarida keng ko‘lamli obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish yuzasidan mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi.
Ta’kidlash joizki, bunday sayyor qabullar aholining davlat organlariga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash, muammolarni tizimli hal etish hamda hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Fuqarolar bilan ochiq muloqot qilish orqali ularning talab va ehtiyojlarini o‘rganish esa joylarda amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligini yanada oshirishga xizmat qiladi.







