Buxoro tumani: Joriy yilda 411 gektar maydonda kartoshka ekiladi
2026-02-16 11:25:00 / Yangiliklar

Buxoro tumanida aholini arzon va sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash hamda ichki bozor barqarorligini mustahkamlash joriy yilda jami 411 gektar maydonda kartoshka ekilishi rejalashtirilgan bo‘lib, bu hududda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan muhim qadam sifatida baholanmoqda.
Mazkur masalalar yuzasidan bugun o‘tkazilgan yig‘ilishda viloyat hokimi o'rinbosari A. Nazarov, tuman hokimi A. Ochilov, tegishli qishloq xo‘jaligi tashkilotlari rahbarlari, mutaxassislar hamda fermer xo‘jaliklari vakillari ishtirok etdi.
Yig‘ilish davomida fermer va dehqon xo‘jaliklari yer maydonlarida kartoshka ekish ishlarini o‘z vaqtida va sifatli tashkil etish, agrotexnik tadbirlarni belgilangan muddatlarda amalga oshirish hamda hosildorlikni oshirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, kartoshka maydonlarini kengaytirish tumanda oziq-ovqat mahsulotlari narxini barqaror saqlash, import hajmini qisqartirish hamda mahalliy ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlashda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi. Shu bilan birga, kartoshkachilik yo‘nalishining rivojlanishi qishloq aholisi bandligini ta’minlash, fermer xo‘jaliklari daromadlarini oshirish hamda tomorqa yerlaridan samarali foydalanish imkoniyatlarini kengaytiradi.
Yig‘ilishda, shuningdek, hududlarning tuproq-iqlim sharoitidan kelib chiqib, yuqori hosildor navlarni tanlash, kasallik va zararkunandalarga qarshi kurash choralarini kuchaytirish hamda hosilni saqlash va realizatsiya qilish tizimini takomillashtirish zarurligi alohida qayd etildi.
Mas’ullar tomonidan belgilangan vazifalarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi natijasida joriy yilgi mavsumda yuqori hosil olish hamda aholini sifatli kartoshka mahsulotlari bilan barqaror ta’minlash ko‘zda tutilgan.








