Yangi turmush mahallasidagi 24-son maktabda qo‘shimcha bino qurilishi davom etmoqda
2026-02-12 18:30:00 / Yangiliklar

Mamlakatimizda ta’lim tizimini rivojlantirish, maktab infratuzilmasini yaxshilash hamda o‘quvchilar uchun zamonaviy va qulay shart-sharoitlar yaratish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 18-sentabrdagi “Islom taraqqiyot banki” hamda OPEK xalqaro taraqqiyot jamg‘armasi ishtirokida ta’lim infratuzilmasini rivojlantirishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan hududlarda manzilli qurilish ishlari olib borilmoqda.
Mazkur dastur doirasida Buxoro tumani Yangi turmush mahallasida joylashgan 24-son umumta’lim maktabida ham qo‘shimcha 180 o‘rinli o‘quv binosi, zamonaviy sport zali hamda oshxona qurilishi amalga oshirilmoqda.
Ma’lumot uchun, ushbu maktab 2014-yilda 180 o‘ringa mo‘ljallab qurilgan. Hozirgi kunda esa bu yerda 250 nafardan ortiq o‘quvchi tahsil olmoqda va o‘quv jarayoni ikki smenada tashkil etilgan. Aholi sonining o‘sishi natijasida qo‘shimcha o‘quv quvvatiga ehtiyoj yuzaga kelgan.
Bugun Buxoro tuman hokimi Anvarjon Ochilov hududga tashrif buyurib, mazkur maktabda olib borilayotgan qurilish ishlari bilan tanishdi. Qurilish sifati, belgilangan muddatlarga rioya etilishi hamda foydalanilayotgan materiallarning talab darajasida bo‘lishi yuzasidan mas’ullarga tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Yangi bino foydalanishga topshirilgach, maktabning quvvati oshadi, ikki smenali ta’limni qisqartirish imkoniyati yaratiladi. Shuningdek, sport zali va zamonaviy oshxona o‘quvchilar uchun yanada qulay va xavfsiz muhit yaratishga xizmat qiladi.
Hududda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari yosh avlodning sifatli ta’lim olishi, sog‘lom va barkamol voyaga yetishi uchun mustahkam zamin yaratmoqda.



