Buxoro tuman hokimi 1-son texnikum faoliyati bilan tanishdi
2026-02-12 16:35:00 / Yangiliklar

Mamlakatimizda professional ta’lim tizimini tubdan takomillashtirish, texnikum va kasb-hunar ta’limini iqtisodiyot tarmoqlari bilan uzviy bog‘lash masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Prezidentimiz tomonidan ta’kidlanganidek, yoshlarni aniq kasb-hunarga o‘qitish, ularni mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan yo‘nalishlarga yo‘naltirish hamda bitiruvchilarning bandligini ta’minlash bugungi kunning ustuvor vazifalaridan biridir.
Ana shu vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Buxoro tuman hokimi Anvarjon Ochilov tumandagi 1-son texnikumga tashrif buyurib, ta’lim muassasasida yaratilgan shart-sharoitlar hamda o‘quv jarayoni bilan yaqindan tanishdi.
Ayni paytda texnikumda 800 nafardan ortiq talabalar tahsil olmoqda. Ta’lim jarayoni hudud iqtisodiyoti ehtiyojlari hamda zamonaviy mehnat bozori talablari asosida tashkil etilgan bo‘lib, yoshlarni aniq kasb-hunarga yo‘naltirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Texnikumda bugungi kunda mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan bir qator yo‘nalishlar bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanmoqda. Jumladan, avtomobillarni ta’mirlash va ularga xizmat ko‘rsatish, elektromobillarga texnik xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash, elektr jihozlariga xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash, payvandlash va gaz-plazma kesish jihozlari sozlovchisi, mebel ishlab chiqarish kabi texnik yo‘nalishlar bilan bir qatorda pardozlovchi, sartarosh (modeler) hamda oshpaz yo‘nalishlarida ham malakali kadrlar tayyorlanmoqda.
Tashrif davomida o‘quv xonalari, amaliy mashg‘ulotlar o‘tkaziladigan ustaxona va laboratoriyalar ko‘zdan kechirildi. Talabalarning nazariy bilimlarini amaliy ko‘nikmalar bilan mustahkamlash, ishlab chiqarish korxonalari bilan hamkorlikni kengaytirish hamda bitiruvchilarning bandligini ta’minlash masalalari yuzasidan mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi.
1-son texnikumda yoshlarni zamonaviy kasb-hunarga yo‘naltirish, ularning salohiyatini ro‘yobga chiqarish va hududda malakali mutaxassislar zaxirasini shakllantirish borasidagi ishlar izchil davom etmoqda.









