Buxoro tumani: Yangi turmush mahallasidagi 10-sonli umumta’lim maktabi mukammal ta’mirlanmoqda
2026-02-12 13:50:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 18-sentabrdagi “Islom taraqqiyot banki” hamda OPEK Xalqaro taraqqiyot jamg‘armasi ishtirokida mazkur loyihani amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan Buxoro tumanida ham manzilli ishlar izchil amalga oshirilmoqda.
Mazkur dastur doirasida tumandagi 8 ta mahalla fuqarolar yig‘inida infratuzilmani yangilash, ijtimoiy soha obyektlarini mukammal ta’mirlash hamda yangi qurilish ishlarini olib borish rejalashtirilgan. Bu ishlar aholi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, ta’lim va ijtimoiy xizmatlar sifatini oshirishga qaratilgan.
Jumladan, Yangi turmush mahallasida joylashgan 10-sonli umumta’lim maktabida ham mukammal ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Loyiha doirasida o‘quv binosining ichki va tashqi qismlari yangilanib, sinf xonalari, yo‘laklar hamda yordamchi xonalar zamonaviy talablar asosida ta’mirlanmoqda. Shuningdek, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari yangilanib, o‘quvchilar uchun yanada qulay va xavfsiz muhit yaratish ko‘zda tutilgan.
Qurilish-ta’mirlash ishlari “Buxoro Goldstroy” MChJ tomonidan 4 milliard 224 million so‘m mablag‘ evaziga amalga oshirilmoqda. Ishlar belgilangan loyiha-smeta hujjatlari asosida, sifat va muddat talablariga rioya etgan holda olib borilmoqda.
Bugun tuman hokimi Anvarjon Ochilov hududlarga tashrifi davomida mazkur maktabda olib borilayotgan qurilish ishlari bilan tanishdi. U mutasaddilarga ishlar sifatini nazorat qilish, qurilishni belgilangan muddatda yakunlash hamda ta’lim muassasasini yangi o‘quv yiliga to‘liq tayyor holatda topshirish yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berdi.
Mazkur bunyodkorlik ishlari ta’lim tizimini yanada rivojlantirish, o‘quvchilar uchun zamonaviy va qulay sharoitlar yaratishga xizmat qiladi.









