Buxoro tumani: Bir paytlar mehnat migranti bo‘lgan Ilxom Boboniyozov qoramollar sonini 30 boshga yetkazdi
2026-01-11 14:30:00 / Yangiliklar

Buxoro tumani “Istiqlol” mahallasi “Quyi Kobdun” qishlog‘ida istiqomat qiluvchi Ilxom Boboniyozov bugungi kunda o‘z mehnati va tashabbusi bilan chorvachilik faoliyatini yo‘lga qo‘yib, qoramollar sonini 30 boshga yetkazdi. Bir paytlar mehnat migranti sifatida xorijda ishlagan Ilxom Boboniyozov hozirda Vataniga qaytib, barqaror daromad manbaiga ega bo‘lmoqda.
U xorijda ishlagan yillarida orttirgan tajribasi va jamg‘argan mablag‘lari evaziga chorvachilik faoliyatini boshlagan. Dastlab bir necha bosh qoramol bilan ish boshlagan tadbirkor bugungi kunga kelib xo‘jaligini kengaytirib, chorva boshini 30 taga yetkazishga muvaffaq bo‘ldi.
Ilxom Boboniyozovning aytishicha, xorijda ishlash oson bo‘lmagan va aynan shu holat uni yurtida o‘z ishini boshlashga undagan:
— Uzoq yillar davomida oilamdan uzoqda mehnat migranti sifatida ishladim. Vatandan uzoqda mehnat qilishning o‘ziga yarasha qiyinchiliklari bor. Shu sababli yashash xonadonimda chorvachilikni yo‘lga qo‘yib, qoramollar sonini 30 boshga yetkazdim. Hozirda 8 bosh sog‘in sigirimiz bor. Har kuni sut sotish orqali o‘rtacha 300 ming so‘m daromad topib, oilamiz byudjetiga qo‘shimcha tushum kiritayapmiz, — deydi Ilxom Boboniyozov.
Mazkur tashabbus mehnat migrantlarining yurtga qaytib, o‘z imkoniyatlari va tajribasidan unumli foydalanib, chorvachilik kabi sohalarda faoliyat boshlashi mumkinligini yana bir bor namoyon etadi. Kelgusida tadbirkor chorva boshini yanada ko‘paytirish, ishlab chiqarish hajmini oshirish va xo‘jaligini kengaytirishni rejalashtirmoqda.







