Qishloq xo‘jaligida muhim bosqich: Buxoro tumanida sho‘r yuvish tadbirlari davom etmoqda
2026-01-06 05:30:00 / Yangiliklar

Buxoro tumani “Bog‘ikalon” mahallasida joylashgan “Idris Said mirishkor” fermer xo‘jaligi dalasida qishloq xo‘jaligi yerlarining unumdorligini oshirish, sho‘rlanishning oldini olish hamda ekinlar hosildorligini ta’minlash maqsadida sho‘r yuvish bo‘yicha amaliy seminar o‘tkazildi.
Seminarda tuman qishloq xo‘jaligi bo‘limi mutaxassislari, tajribali fermerlar, agrotexniklar hamda soha vakillari ishtirok etdi. Tadbir davomida sho‘rlangan yerlarni meliorativ holatini yaxshilash, sho‘r yuvish ishlarini belgilangan agrotexnik talablarga muvofiq tashkil etish hamda suvdan oqilona foydalanish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, seminar jarayonida sho‘r yuvishning bosqichlari, suv me’yorlari, tuproq tarkibini yaxshilash usullari hamda kelgusida yuqori hosil olish uchun zarur bo‘lgan tavsiyalar berildi. Amaliy mashg‘ulotlar davomida ishtirokchilar bevosita dalada sho‘r yuvish ishlari bilan tanishib, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan batafsil javob oldilar.
Mazkur seminar fermer xo‘jaliklari uchun katta amaliy ahamiyatga ega bo‘lib, yerlarning unumdorligini oshirish va barqaror qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishini yo‘lga qo‘yishga xizmat qilishi ta’kidlandi.




