Yangi yil bayrami bolalar quvonchi va shodligi bilan yanada fayzli
2025-12-31 14:35:00 / Yangiliklar

Yangi yil bayrami har bir inson, ayniqsa, bolajonlar uchun eng quvonchli va orziqib kutiladigan ayyomlardan biridir. Bayramona bezatilgan archalar, Qorbobo va Qorqiz, shirinliklar hamda rang-barang o‘yinchoqlardan iborat sovg‘alar bolalarning qalbiga cheksiz quvonch bag‘ishlaydi. Ular Yangi yilni katta umidlar, ezgu tilaklar va beg‘ubor orzular bilan qarshi oladilar.
Biroq hayot taqozosi bilan bu bayramni o‘z xonadonida emas, balki shifoxonada kutib olayotgan bolajonlar ham bor. Ayniqsa, kasalxonada davolanayotgan bemor bolalar uchun Yangi yil sovg‘alari, e’tibor va mehr ulkan quvonch, katta dalda bo‘ladi.
Shu maqsadda bugun Buxoro tumani hokimi Anvarjon Ochilov tuman markaziy shifoxonasiga tashrif buyurib, u yerda davolanayotgan jajji bemorlarni Yangi yil bayrami bilan tabrikladilar. Tashrif davomida bolalarning holidan xabar olinib, ularga samimiy tilaklar bildirildi.
Bayram tadbiri Qorbobo ishtirokida yanada ko‘tarinki ruhda o‘tdi. Bolajonlarga turli sovg‘alar ulashilib, ularning yuzida quvonch va tabassum paydo bo‘ldi. Tuman rahbarlari bolalarga tezroq sog‘ayib, Yangi yilni o‘z uylarida, yaqinlari bag‘rida qarshi olishlarini tiladilar.
Shuningdek, bemor bolalarni davolayotgan shifokor va tibbiyot xodimlarining fidokorona mehnati e’tirof etilib, ularga samimiy minnatdorchilik bildirildi. Ularning mehnati tufayli ko‘plab bolalar sog‘lig‘ini tiklab, hayotga quvonch bilan qaytmoqda.
Mazkur ezgu tashrif bolajonlar hamda ularning ota-onalari uchun unutilmas lahzalarga boy bo‘ldi. Bunday e’tibor va g‘amxo‘rlik bolalarning qalbida Yangi yil mo‘jizasiga bo‘lgan ishonchni yanada mustahkamladi.








