Rasmiy munosabat
2025-12-23 12:40:00 / Yangiliklar

Bugun Buxoro tumani “Yuqori Kobdun Baraka” fermer xo‘jaligi rahbari tomonidan xo‘jalikka bank tomonidan imtiyozli kredit mablag‘lari ajratilmayotganligidan norozilik bildirilgan hamda ushbu murojaat ijtimoiy tarmoqlardagi “Haqiqat uz news” sayti orqali yo‘llangan.
Mazkur murojaat yuzasidan quyidagilarni ma’lum qilamiz.
Buxoro tuman hokimligining 2024-yil 4-oktabrdagi g‘alla ekinlari joylashtirilgan yer maydonlari to‘g‘risidagi ma’lumotnomasiga asosan, 2025-yil g‘alla hosilini yetishtirish uchun “Yuqori Kobdun Baraka” fermer xo‘jaligining 5,58 gektar yer maydonida 20,088 tonna g‘alla hosili yetishtirilishi “Agroplatforma” dasturida belgilangan. Shunga muvofiq, 2024-yil 8-oktabrda “Agrobank” ATB Buxoro filiali va fermer xo‘jaligi o‘rtasida 25,2 mln so‘m miqdorida imtiyozli g‘alla krediti shartnomasi rasmiylashtirilgan.
“Yuqori Kobdun Baraka” fermer xo‘jaligi tomonidan imtiyozli kredit mablag‘lari quyidagicha sarflangan:
-
Yoqilg‘i-moylash materiallari uchun — 1,5 mln so‘m;
-
Ish haqi uchun — 1,6 mln so‘m;
-
Mineral o‘g‘itlar uchun — 6,288 mln so‘m.
Jami: 9,4 mln so‘m mablag‘ o‘tkazib berilgan.
G‘alla kredit shartnomasining 3.2.3-bandiga muvofiq, qarz oluvchiga O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi kredit resurslari hisobidan g‘alla yetishtirish bilan bog‘liq xarajatlar uchun imtiyozli kredit mablag‘lari bosqichma-bosqich ajratilishi belgilangan.
Shuningdek, shartnomaning 3.2.4-bandida ajratiladigan imtiyozli kreditning eng yuqori miqdorini aniqlash maqsadida qarz oluvchidan olingan urug‘lik don qiymati bo‘yicha mavjud qarzdorlik to‘g‘risida tayyorlov korxonasi tomonidan tasdiqlangan hujjatlar (ma’lumotnoma va taqqoslash dalolatnomasi) talab qilinishi ko‘rsatib o‘tilgan.
“Buxorodonmahsulotlari” AJ tomonidan taqdim etilgan taqqoslash dalolatnomasiga ko‘ra, “Yuqori Kobdun Baraka” fermer xo‘jaligi tomonidan 36,884 mln so‘mlik urug‘lik don olingan.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 11-martdagi 130-sonli “Bug‘doy yetishtirish xarajatlarini kreditlash tartibi to‘g‘risida”gi Nizomi hamda kredit shartnomasi talablariga muvofiq, urug‘lik don me’yoridan ortiq olinganligi aniqlanganligi sababli fermer xo‘jaligini kreditlash to‘xtatilgan.
“Yuqori Kobdun Baraka” fermer xo‘jaligi tomonidan joriy yilda g‘alla hosili umuman topshirilmagan. Bank tomonidan ajratilgan imtiyozli g‘alla krediti bo‘yicha bugungi kunda jami 9,4 mln so‘m miqdorida qarzdorlik mavjud.
Bundan tashqari, “Yuqori Kobdun Baraka” fermer xo‘jaligi rahbari va ta’sischisi Kenjayev Otabek Qurbanovich jismoniy shaxs sifatida “Agrobank” ATB Buxoro filialidan 2024-yil 16-avgustda 5,7 mln so‘m kredit olgan bo‘lib, ushbu kredit to‘lanmaganligi sababli muammoli kreditlar toifasiga o‘tkazilgan va bugungi kunda 5,7 mln so‘m qarzdorlik mavjud.
Hozirgi vaqtda fermer xo‘jaligining soliq va majburiy to‘lovlar bo‘yicha jami 312 mln so‘m qarzdorligi mavjud bo‘lib, Majburiy ijro byurosi tomonidan hisob raqamlariga taqiq qo‘yilgan.
“Haqiqat Media Markazi” MChJ so‘rovnomasiga javoblar:
Savol: Fermer xo‘jaligi hisob raqamidagi mablag‘lar tegishli bank topshiriqnomalarisiz boshqa korxonalar hisob raqamlariga o‘tkazilganligi.
Javob: Bank tomonidan fermer xo‘jaligi faoliyati davomida uning hisob raqamidagi mablag‘lar faqat fermer tomonidan rasmiylashtirilgan to‘lov topshiriqnomalari asosida o‘tkazilgan. Soliq va majburiy to‘lovlar bo‘yicha kartoteka-2 orqali undirilgan mablag‘lar bundan mustasno.
Savol: Buxoro tumani qishloq xo‘jaligi boshqarmasi huzuridagi kengashda uch nafar buxgalter tomonidan hisob-fakturalar qabul qilinib, fermer xo‘jaligi rahbarining roziligisiz ishchilar ro‘yxatga kiritilganligi.
Izoh: Fermer xo'jaligining ishlab chiqarilgan boshoqli don, paxta xomashyosi, va sabzavot mahsulotlarini klaster va tashkilotlarga sotgandan so'ng hisob fakturalari fermer xo'jaligi hisobchisi tomonidan qonunda belgilangan tartibda amalga oshiriladi
Savol: Fermer xo‘jaligi rahbari tomonidan 2026-yil hosilini yetishtirish uchun 584 mln so‘m miqdorida imtiyozli davlat krediti olish bo‘yicha murojaat qilinib, ariza asossiz rad etilganligi.
Javob: Buxoro tuman hokimligining 2020-yil 7-martdagi 294-sonli qaroriga asosan fermer xo‘jaligiga ajratilgan ekin maydoni 8,81 gektarni tashkil etadi. Mavjud nomutanosibliklar bartaraf etilmaganligi, shuningdek fermer xo‘jaligi va uning rahbari tomonidan kredit hamda soliq qarzdorliklari to‘lanmaganligi sababli kredit ajratish rad etilgan.
Shuningdek, bank filiali xodimlari tomonidan joyiga chiqib o‘rganish jarayonida yer maydonlari ekishga tayyorlanmaganligi, begona o‘tlar bilan qoplanganligi, 2024-yilda ekilgan g‘alla hosili yig‘ishtirib olinmaganligi va yer tashlandiq holatda ekani aniqlangan.
Bundan tashqari, mazkur murojaat yuzasidan tuman hokimligi tomonidan tuzilgan ishchi guruh boshchiligida “Yuqori Kobdun Baraka” fermer xo‘jaligi faoliyati atroflicha o‘rganib chiqilganda, xo‘jalik tomonidan qishloq xo‘jaligi ekinlarini joylashtirish bo‘yicha belgilangan talab va shartlar hamda Oʻzbekiston Respublikasining ”Fermer xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi qonun talablarini muntazam ravishda buzib kelingani aniqlandi. Jumladan, yer maydonlarining meliorativ holatini saqlash, tuproq unumdorligini oshirish hamda agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish bo‘yicha majburiyatlarga rioya etilmagan.
Mazkur kamchiliklar oqibatida davlat xaridi uchun qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetkazib berish yuzasidan tuzilgan shartnoma shartlari to‘liq bajarilmagan. Fermer xo‘jaligi faoliyati samarasiz tashkil etilib, past rentabellik darajasida olib borilgani kuzatilgan.
Shuningdek, xo‘jalik tomonidan soliq to‘lovlari hamda boshqa majburiy to‘lovlar belgilangan tartibda va muddatlarda amalga oshirilmaganligi aniqlangan bo‘lib, bu holat amaldagi qonunchilik talablariga zid hisoblanadi.
Yuqorida qayd etilgan nomutanosibliklar bartaraf etilmaganligi hamda kredit va soliq qarzdorliklari mavjudligi sababli kredit ajratish rad etilgan.
