Buxoro tumani veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo‘limi mutaxassislarining moddiy-texnik bazasi mustahkamlanmoqda
2025-12-19 18:30:00 / Yangiliklar

Davlatimiz rahbarining “Chorvachilik va parrandachilikni qo‘llab-quvvatlash, sohada yuqori qo‘shilgan qiymat yaratish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, Buxoro tumanida chorvachilik sohasini yanada rivojlantirish, veterinariya xizmatlari sifatini oshirish hamda mutaxassislar faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Mazkur qaror ijrosi doirasida viloyat Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmasi hamda Buxoro tuman hokimligi hamkorligida tuman Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo‘limi mutaxassislarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, mutaxassislarning ish faoliyatini samarali tashkil etish maqsadida sovutgichlar, termosumkalar, dyuar idishlari, sun’iy urug‘lantirish uchun zarur bo‘lgan zamonaviy anjomlar hamda xizmat motoskuterlar tantanali ravishda topshirildi.
Ushbu texnik vositalar veterinariya xizmatlarining tezkorligi va sifatini oshirish, chorva mollari salomatligini muhofaza qilish, sun’iy urug‘lantirish ishlarini samarali yo‘lga qo‘yish hamda hududlarda xizmat ko‘rsatish qamrovini kengaytirishga xizmat qiladi. Shuningdek, mutaxassislar uchun yaratilayotgan qulay shart-sharoitlar chorvachilik sohasida samaradorlikni oshirish, aholining daromadlarini ko‘paytirish va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga muhim hissa qo‘shadi.
Kelgusida ham Buxoro tumanida veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish yo‘nalishida amalga oshirilayotgan islohotlar izchil davom ettirilib, soha mutaxassislarining moddiy-texnik ta’minoti yanada yaxshilanib borishi rejalashtirilgan.






