Buxoro tumanida O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiya qabul qilinganining 33 yilligi munosabati bilan bayram tadbiri bo’lib o’tdi
2025-12-06 16:30:00 / Yangiliklar

Mustaqil davalatimiz Konstitutsiyasi qabul qilinganining 33 yilligi har yilgidan ko‘ra o‘zgacha shukuh bilan nishonlanishi tabiiydir. Negaki, 2023-yilda tubdan yangilangan Bosh qomusimizni umumxalq referendumi asosida qabul qildik hamda milliy davlatchiligimiz tarixida ilk bor barcha ustuvor qoidalari to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llanadigan mukammal Konstitutsiyaga ega bo‘ldik.
Konstitutsiyamiz O‘zbekiston tarixida uzoq, davomli maqsad va vazifalarimizni aniq belgilab berishda o‘zining puxta o‘ylangan tamoyillari bilan ishonchli va hal qiluvchi omil bo‘ldi. Mamlakatimizning bugungi kungacha bosib o‘tgan g‘oyat murakkab va sharafli yo‘li bosh qomusimizning hayotbaxsh kuchi va ulkan salohiyatidan dalolat beradi.
8-dekabr sanasi bosh qomusimiz – Konstitutsiya qabul qilingan kun sifatida butun yurtimiz bo‘ylab tantanali nishonlanadi. Ushbu sana munosabati bilan Buxoro tumani Madaniyat bo‘limida bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi. Unda tuman hokimi Anvarjon Ochilov boshchiligidagi korxona va tashkilotlar rahbarlari, mahallalar mas’ullari hamda aholi vakillari ishtirok etdilar.
Bayram tadbiri madhiyamiz sadolari bilan boshlandi. Tadbirni tuman hokimi Anvarjon Ochilov tabrik so‘zi bilan ochib berdi. Tuman rahbari o‘z so‘zida Konstitutsiyamiz yurtimizda demokratik islohotlar, iqtisodiyotni modernizatsiya qilish, ijtimoiy o‘zgarishlar uchun asos bo‘lganligini, u inson huquq va erkinliklarini oliy qadriyat deb e’lon qilib, millatlararo tinchlik va totuvlikni mustahkamlash, tarixiy-madaniy an’analarni rivojlantirishga xizmat qilayotganligini ta’kidladi hamda barchani bayram bilan tabrikladi.
Shuningdek, tuman prokurori Karim Ikramov ham so‘zga chiqib, Konstitutsiya davlat suvereniteti, jamiyatda tinchlik va totuvlik tamoyillariga rioya etish, qonun ustuvorligini ta’minlash, hayotimizning barcha jabhalarida keng ko‘lamli islohotlarni amalga oshirishning kafolati ekanligini, ushbu xujjat O‘zbekiston davlatchiligi shakllanishining eng yangi bosqichini boshlab berganligini va bugungi kunda u har bir insonning huquq va erkinliklarini kafolatlashini qayd etdi va yurtimiz ahlini bosh qomusimiz qabul qilinganining 33 yilligi bilan tabrikladi.
Konstitutsiyamiz qabul qilingan sana munosabati bilan tashkil etilgan bayram tadbiri tuman Madaniyat bo‘limi ijodkorlari tomonidan tayyorlangan ajoyib chiqishlar va betakror kuy-qo‘shiqlar bilan davom etdi.









