Buxoro tumani: “Yangi turmush” mahalla yettiligi yangi ma’muriy binoda o‘z faoliyatini boshladi
2025-11-20 09:50:00 / Yangiliklar

Mamlakatimizda mahallani haqiqiy xalq boshqaruvi bo‘g‘ini sifatida qayta tiklash, uning jamiyatdagi o‘rni va ta’sirchanligini kuchaytirish borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Mahalla institutini zamon talablari darajasiga ko‘tarish, aholi bilan ishlash tizimini takomillashtirish, murojaatlar bilan ishlashda qulaylik yaratish, yoshlar va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga doir ishlar aynan shu maskanlarda markazlashgan tarzda yo‘lga qo‘yilmoqda.
Shu ma’noda Buxoro tumanida mahalla tizimi infratuzilmasini mustahkamlashga qaratilgan keng ko‘lamli qurilish va rekonstruksiya ishlari izchil davom etmoqda. Ana shunday ezgu bunyodkorlik jarayonlarining amaliy natijasi sifatida bugun “Yangi turmush” mahalla fuqarolar yig‘ini uchun qurilgan mutlaqo yangi, zamonaviy ma’muriy bino tantanali ravishda foydalanishga topshirildi.
Ushbu yangi markaz Islom taraqqiyoti banki mablag‘lari asosida 3 milliard 600 million so‘m qiymatdagi loyiha bo‘yicha barpo etildi. Qurilish ishlari “G‘ijduvon Texstroy progress” MChJ tomonidan yuqori sifatda amalga oshirildi.
Tadbirda O‘zbekiston Mahallalari uyushmasi raisi Qahramon Quronboyev, Buxoro tuman hokimi Anvarjon Ochilov, nuroniylar, jamoatchilik faollari va keng omma ishtirok etdi. Tashrif buyurganlar yangi bino imkoniyatlari bilan yaqindan tanishish jarayonida so‘nggi yillarda mahallaga qo‘yilayotgan davlat e’tibori, yurtimizda mahallaning jamiyatdagi nufuzini yuksaltirish, uning boshqaruvdagi rolini kuchaytirishga qaratilgan siyosatning muhim amaliy ifodalaridan biri aynan shunday markazlar ekanini ta’kidladilar.
Tadbir avvalida nuroniy otaxonlar ishtirokida ramziy bog‘ich qirqildi, so‘ngra ishtirokchilar binoning ichki imkoniyatlari bilan tanishdilar.
Uch qavatli yangi bino zamonaviy talablarga to‘liq mos holda jihozlangan bo‘lib, unda 21 ta xonadan iborat kompleks infratuzilma yaratildi. Mahalla shtabi uchun alohida qulay xonalar, keng kutubxona, ayollar va erkaklar uchun alohida xizmat xonalari, savdo nuqtasi, xorijiy tillar o‘qitilishi uchun kurslar, yoshlar uchun media va uchrashuv xonalari, nuroniylar uchun alohida maskan, tikuvchilik va hunarmandchilik xonalari, sport bilan shug‘ullanishga mo‘ljallangan zal va boshqa zarur bo‘limlar faoliyat yurita boshladi. Bu esa mahalla aholisi uchun xizmatlarning yanada yaqin va qulay bo‘lishiga xizmat qiladi.
“Yangi turmush” mahallasi hududida yashayotgan 1102 ta xonadon, ya’ni 6020 nafar aholi uchun yaratilgan ushbu sharoitlar mahalla hayotini sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘taradi. Yangi markaz orqali aholiga ko‘rsatiladigan xizmatlar soni va sifati oshib, mahalla yettiligining samaradorligi ham ortishi kutilmoqda.
Mahalladagi yangi binoning ishga tushishi natijasida fuqarolar murojaatlari bilan ishlash tizimi yanada kuchayadi, yoshlar, xotin-qizlar, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar bilan ishlashda zamonaviy yondashuvlar joriy etiladi, jamoatchilik bilan hamkorlik yanada mustahkamlanadi. Eng muhimi, bu maskan aholi birligi, totuvligi va farovon hayotining poydevorini mustahkamlaydigan haqiqiy ma’naviy-ma’rifiy markazga aylanadi.









