Buxoro tumanida O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilingan kun munosabati bilan tadbir o‘tkazildi
2025-11-18 09:30:00 / Yangiliklar

Bugun Buxoro tumanida yurtimizning eng ulug‘ va muqaddas ramzlaridan biri — O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i qabul qilingan kun munosabati bilan keng ko‘lamli tadbir tashkil etildi.
Dunyo uzra mustaqil O‘zbekiston bayrog‘i hilpiray boshlaganiga 34 yil bo‘ldi. Bayrog‘imiz xalqaro maydonda mamlakatimizning kuch-qudrati, suvereniteti va mustaqilligimiz timsoli sifatida e’zozlanadi. Unda xalqimizning ruhiyati, mehr-muhabbati, orzu-intilishlari, Vatanga sadoqati va kelajakka bo‘lgan chuqur ishonchi mujassamdir. Shuningdek, u yurtimizda yashayotgan 130 dan ortiq millat va elatlarni bir maqsad atrofida birlashtirib turuvchi ulug‘ qadriyat sifatida ehtirom qilinadi.
Bayram tadbiri oldidan yuzlab tumandoshlar tuman hokimligi binosi oldida yig‘ildilar. Tadbir avvalida Buxoro tumani hokimi Anvarjon Ochilov so‘zga chiqib, Davlat bayrog‘ining tarixiy ahamiyati, undagi ranglar va ramzlarning chuqur ma’no-mazmuni haqida fikr bildirdi. Tuman rahbari bayroq davlatning sha’ni va obro‘sini ifodalash barobarida, har bir fuqaroning g‘ururi va Vatanga bo‘lgan sadoqatining timsoli ekanini ta’kidladi.
Shuningdek, hokim yoshlar ongiga vatanparvarlik ruhini singdirish, milliy qadriyatlarga hurmat tuyg‘usini kuchaytirish, yurtga sadoqat bilan xizmat qilish masalalariga alohida e’tibor qaratdi.
Tadbirning davomida markaziy ko‘cha bo‘ylab yuzlab bayroqlar ko‘tarilgan holda markaziy o‘yingoh tomon yurish marosimi o‘tkazildi. Ushbu yurish bayramona kayfiyatni yanada oshirib, ishtirokchilarda birlik va faxr tuyg‘usini kuchaytirdi.






