Kogon shahri investitsiyaviy muhiti xitoylik sarmoyadorlar eʼtiborida
2024-11-18 17:55:00 / Yangiliklar
Kogon shahar hokimligi taklifiga asosan, yaqinda Xitoyning “Yangzhou Belt and Road Development Association” kompaniyasi bosh kotibi Ji Ang Su hamda “Jiangqiao Machinery Manufacturing CO.” LTD kompaniyasi raisi Chen Xue Zxong boshliq ishbilarmon doira vakillari Kogon shahrida boʻlishdi.
Shahar hokimining oʻrinbosari-investitsiyalar, sanoat va savdo boʻlimi boshligʻi Sh.Mustafoyev xitoylik investorlarga hududning iqtisodiy-investitsiyaviy muhiti, chet el investorlari bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan istiqbolli loyihalar, bu borada kelgusidagi hamkorlik imkoniyatlari haqida batafsil maʼlumot berildi.
Samimiy ruhda kechgan muzokarada xitoylik investorlar hamkorlikda qurilish materiallari ishlab chiqarishni tashkil etish, temir yoʻl imkoniyatidan toʻgʻri foydalanish yuzasidan oʻz taklif-mulohazalarini bildirishdi. Oʻrganish va muzokaralar natijasida yangidan tashkil etilgan xorijiy korxona va uning ishtirokida amalga oshirilishi mumkin boʻlgan loyihalar amaliyotiga doir kelishuvga erishildi.
Tomonlar oʻrtasidagi bu kelishuvlar oʻzaro teng manfaatli boʻlishi, investitsiyaviy yuksalishda esa dastlabki muvaffaqiyatli qadam boʻlgani eʼtirof qilindi. Binobarin, bu investitsiya loyihalari tufayli ishlab chiqarishni kengaytirish, aholi bandligini taʼminlash imkoniyati yaratiladi.
Umuman, davlatimiz rahbarining 2021-yil 30-dekabrdagi PQ-72 sonli “Oʻzbekiston Respublikasining 2022-2026-yillarga moʻljallangan investitsiya dasturini tasdiqlash hamda investitsiya loyihalarini boshqarishning yangi yondashuv va mexanizmlarini joriy etish toʻgʻrisida”gi qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Kogon shahrida bultur hududiy investitsiya dasturi ijrosi boʻyicha 12 ta biznes loyihasi ishga tushirilib, 1,98 million AQSH dollariga teng investitsiya oʻzlashtirilgani hisobidan ishlab chiqarish subyektlarida 193 ta yangi ish oʻrni yaratilgani holda yana 40 taga yaqin ish oʻrni vakant sifatida tegishlicha targʻib qilingan.
Bu saʼy-harakat natijasida Kogon shahrida mahsulot eksporti koʻrsatkich prognozi 2023-yil yakunlari boʻyicha belgilangan 2 million 261 ming AQSH dollari oʻrniga 3 million 572 ming dollarga bajarilgan va bu boradagi reja oshigʻi bilan bajarilgan. Joriy yil yakuniga qadar bu tarmoqda amalga oshirilishi lozim boʻlgan chora-tadbirlar koʻlami oʻtgan yilgidan sezilarli ravishda koʻproq.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati