Buxoro neft va gaz sanoati kollejida tahsil olgan 38 nafar bitiruvchi kasbga oʻrgatilib, xorijga yuborildi
2024-11-13 16:15:00 / Yangiliklar
“Oʻzbekneftgaz” aksionerlik jamiyati va Rossiyaning “Gazprom neft” kompaniyasi oʻrtasida imzolangan Memorandum doirasida Buxoro neft va gaz sanoati kolleji va “FrakDjet-Volga” MCHJ oʻrtasida taʼlim xizmatlari koʻrsatishga oid shartnoma tuzilgan. Mazkur loyiha doirasida oʻtgan oylarda 40 nafar ishsiz fuqaro uchun kollejda oʻqish tashkil etilib, shundan 38 nafariga sertifikatlar topshirilgan.
“Oʻzbekneftgaz” AJ axborot xizmati maʼlumotiga binoan, mazkur ikki tomonlama tuzilgan teng manfaatli kelishuvga koʻra, oʻquv kursini muvaffaqiyatli tamomlagan 38 nafar fuqaro Rossiyaning “FrakDjet-Volga” MCHJga ishga yuborilgan. Xorijdagi oʻqish, aviachipta va yashash xarajatlari Rossiya kompaniyasi tomonidan amalga oshirilmoqda.
Eʼtiborlisi, ayni kunda professional taʼlim sohasidagi bu kabi xalqaro loyihalar mamlakatimizda bandlikni taʼminlash, iqtisodiyotni rivojlantirish va yoshlarning professional malakasini oshirish uchun muhim ahamiyatga ega. Hamkor tashkilotlarning ehtiyojlari asosida bu borada hamkorlikdagi ishlar davom ettirilmoqda.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati