Botir Zaripov Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkilotining (ICAO) Yevropa va Shimoliy Atlantika byurosi (EUR/NAT) mintaqaviy direktori Nikolas Rallo bilan uchrashdi
2026-05-26 11:05:00 / Yangiliklar

Nikolas Rallo ICAO EUR/NAT mintaqaviy direktori sifatida 56 ta davlatda fuqaro aviatsiyasi xavfsizligini taʼminlash, havo navigatsiyasi salohiyati va samaradorligini oshirish hamda ekologik toza aviatsiyani rivojlantirishga rahbarlik qilmoqda.
U rahbarlik qilayotgan ushbu tashkilot (ICAO) parvozlar xavfsizligini oshirish boʻyicha oʻzining "COSPA" deb nomlangan maxsus pilot dasturini dunyodagi 193 ta aʼzo davlat ichidan birinchi boʻlib aynan Oʻzbekistonda joriy etishni boshlagan.
Uchrashuvda tomonlar oʻzaro hamkorlikni kengaytirish, global aviatsiya tizimini rivojlantirish va takomillashtirishga qaratilgan tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlash, jumladan, aviatsiya infratuzilmasini rivojlantirish, parvozlar xavfsizligi darajasini oshirish borasidagi masalalarni muhokama qildi.
Janob Nikolas Rallo Oʻzbekiston aviatsiya maʼmuriyati tomonidan sohani rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlar surʼatini yuqori baholab, fuqaro aviatsiyasi yoʻnalishidagi barqaror oʻsish va islohotlar samarasini alohida qayd etdi.
— Asli Italiyalikman. Oʻzbekistonda koʻp marotaba boʻlganman. Lekin Buxoroga birinchi bor kelishim. Bu sharif shahar haqida Italiyaning eng chekka hududlaridayam yaxshi bilishadi. Tarixiy obidalarni ziyorat qilishga oshiqishadi. Maʼlumki, uzoq xorijliklar uchun Oʻzbekistonning darvozasi bu – aeroport. Sayyohlar oqimini yanada oshirish uchun aviaqatnovlarni koʻpaytirish juda muhim. Shu jihatdan hamkorligimiz yaxshi samara beradi, deb oʻylayman, - dedi Nikolas Rallo.
Oʻz navbati viloyat hokimi Botir Zaripov Buxoro viloyati va Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkilotining (ICAO) Yevropa va Shimoliy Atlantika byurosi (EUR/NAT) oʻrtasida aviatsiya sohasini rivojlantirish, jumladan, xorijiy aviakompaniyalardan samolyotlarni lizing asosida jalb qilish, bu borada hamkorlik mexanizmlarini belgilash, xorijiy davlatlardan Buxoro viloyatiga qoramol yetkazib berishda yuk tashuvchi aviakompaniyalar xizmatlaridan foydalanish uchun logistik tizimni shakllantirish, marshrutlar va hamkorlik mexanizmlarini belgilagan holda yetakchi aviakompaniyalar bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, viloyat aeroporti xizmatlarini takomillashtirish maqsadida xorijiy aeroportlar bilan tajriba almashishni yoʻlga qoʻyish, ilgʻor xorijiy aeroportlar bilan tajriba almashish va strategik hamkorlik oʻrnatish, zamonaviy boshqaruv tizimlarini joriy etish, xorijiy aviakompaniyalar rahbarlari bilan investitsion muloqot oʻrnatish, Buxoroning turizm salohiyatini xalqaro aviakompaniyalar orqali (samolyot borti, inflayt media platformalari tizimlar va boshqa kanallar) targʻib qilish kabi qator takliflarni ilgari surdi.
Uchrashuv yakunida fuqaro aviatsiyasi sohasida hamkorlikni yanada mustahkamlash va qoʻshma loyihalarni amalga oshirishga kelishib olindi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati
