Buxorolik tadbirkor ayollar Xitoydagi nufuzli xalqaro forumda ishtirok etmoqda
2026-05-22 11:05:00 / Yangiliklar
Shu yilning 20–22-may kunlari Xitoyning Sian shahridagi Xalqaro konferensiya markazida “O‘zbekiston–Xitoy III hududlararo forumi bo‘lib o‘tmoqda. Forumda mamlakatimiz xotin-qizlar tadbirkorligi va faolligi alohida e’tirof etilmoqda.

Xususan, bu xalqaro platformada Buxoro viloyati hokimining o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Hafiza Artikova boshchiligidagi buxorolik bir guruh yetakchi va lider tadbirkor ayollar ham ishtirok etmoqdalar.
Qayd qilinganidek, O‘zbekiston Xitoyning Markaziy Osiyoda muhim savdo-iqtisodiy hamkori hisoblanadi. Mamlakatimizda Xitoy kapitali ishtirokida 3700 dan ortiq qo‘shma korxona faoliyat yuritmoqda. Infratuzilma, sanoat kooperatsiyasi, qishloq xo‘jaligi, “yashil energiya” sohalarida yirik qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda.
Xitoy Xalq Respublikasining Shensi provinsiyasi xalq hukumati, xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik bo‘yicha Butunxitoy xalq assotsiatsiyasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamkorligida tashkil etilgan xalqaro yirik tadbir ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilmoqda.
Forumning asosiy maqsad-vazifalari hududlararo hamkorlik, ikki mamlakat hududlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri yaqin aloqalarni o‘rnatish, investitsiyaviy sheriklik, yangi qo‘shma loyihalarni hayotga tatbiq etish va istiqbolli investitsiyalarni jalb qilishdir. Shu bilan birga, iqtisodiy, biznes hamda ilmiy-texnikaviy hamkorlik ko‘lamini kengaytirishga e’tibor qaratilmoqda.
Xalqaro nufuzli tadbirda davlatlarimiz o‘rtasida kuchga kirgan vizasiz tartibi ikki mamlakat ishbilarmonlari doirasida aloqalarni rivojlantirish hamda sayyohlar oqimini yanada oshirishda muhim o‘rin tutishi, shuningdek, shahrida o‘tkazilgan ikkinchi hududlararo forumi yakunlari bo‘yicha erishilgan kelishuvlar hamda imzolangan hududlararo bitimlar va tijorat shartnomalari o‘zaro munosabatlarni rivojlantirishga hissa qo‘shishi ta’kidlandi. Uchrashuvda ikki tomonlama aloqalarni yanada kengaytirish, xususan, savdo-iqtisodiy, transport va logistika, sanoat kooperatsiyasi, madaniy-gumanitar hamda ilm-fan sohalaridagi hamkorlikni chuqurlashtirish yuzasidan atroflicha fikr almashildi.
Forumda delegatsiyamiz xitoylik investorlar bilan xotin-qizlar masalalari bo‘yicha, ta’lim, innovatsiya, qishloq xo‘jaligi, ishlab chiqarish sohalari, shuningdek, mevani qayta ishlash yo‘nalishlarini muhokama qilib, tarmoqlarga investitsiya kiritishga doir bir qator kelishuvlarga erishmoqda.
Xizmat safari davomida vakillarimiz xitoylik hamkasblari bilan o‘zaro tajriba almashish, Buxoroning investitsiyaviy salohiyatini namoyish etish, qolaversa, xitoylik hamkorlar bilan xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirish yo‘nalishida yangi kelishuvlarga erishishi ko‘zda tutilgan.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati




