Buvayda tuman IIB boshlig‘i podpolkovnik F.T. Xayitovning tuman aholisiga “profilaktik-ogohlantiruvchi murojaati”
2026-11-06 10:30:00 / Yangiliklar

Assalomu alaykum, hurmatli buvaydaliklar va tumanimiz mehmonlari!
Bugungi kunda tumanimizda huquqbuzarliklarning oldini olish hamda jinoyatchilikka qarshi kurashishda har bir mahalla kesimida jinoyatchilik sabablarini aniqlash va ularni bartaraf etishda fuqaroviy ishlash orqali huquqbuzarliklarning ijtimoiy profilaktikasini ta’minlash hamda xavfsiz hudud tamoyili asosida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.
Shu o‘rinda tumanimiz hududidagi 10 oy yakuni bo‘yicha jinoyatchilik ahvoli haqida axborot bersam. Joriy yilning 10 oyi davomida tumanimiz hududida:
-
19 257 nafar huquqbuzarlik sodir etgan shaxslar aniqlandi;
-
1 912 ta tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarga “Himoya order”lari berildi;
-
245 ta “Himoya order” talabini buzgan shaxslarga nisbatan ma’muriy choralar ko‘rildi;
-
42 nafar profilaktik hisobda turgan ruhiy kasal, giyohvand va spirtli ichimlikka ruju qo‘yganlar majburiy davolanishga yotqizildi;
-
511 ta sovuq qurol olib yurish holatlari bo‘yicha ma’muriy choralar ko‘rildi;
-
jinoyat sodir etishga moyil bo‘lgan 1 991 nafar shaxs profilaktik hisobga hamda 51 nafar ilgari sudlangan shaxs ma’muriy nazoratga olindi.
Profilaktika inspektorlari tomonidan jinoyat qilishga moyil hamda jinoyatdan jabrlanish xavfi yuqori bo‘lgan 18 540 nafar shaxs bo‘yicha mahalla yettiligiga xulosalar berildi va 13 167 nafar fuqaroning muammolari qo‘shma xulosalar asosida hal etildi.
Tumanimiz hududida jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqbuzarliklarning oldini olish borasida olib borilgan manzilli chora-tadbirlar natijasida oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlar 45 taga (138 tadan 93 taga) kamayishiga erishildi.
Jumladan, jinoyat turlari bo‘yicha o‘g‘irlik, bosqinchilik, talonchilik, bezorilik va avtomobil olib qochish holatlari kamaydi.
Mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish borasida tizimli va izchil chora-tadbirlar olib borilganligi natijasida joriy yilning 10 oyi davomida tumanimizdagi 53 ta mahallaning 12 tasida jinoyatlar kamaygan bo‘lsa, 29 ta mahalla fuqarolar yig‘inida jinoyat sodir etilishiga yo‘l qo‘yilmadi.
Hurmatli tumanimiz aholisi!
Qonun ustuvorligini ta’minlash va jinoyatchilikni jilovlash borasida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Buning birgina misoli sifatida davlatimiz rahbari tomonidan joriy yilning 5-yanvar kuni “2026-yilda Respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish yo‘nalishida yaxlit manzilli ishlash tizimini joriy etishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-1-son qaror qabul qilinganini keltirish mumkin.
Qaror ijrosi bo‘yicha tumanimiz hududidagi har bir mahallada xavfsizlikni ta’minlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida yo‘l xaritalari ishlab chiqilgan.
Ushbu yo‘l xaritalarida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida hozirgi kunda ijtimoiy ko‘makka muhtoj xotin-qizlarning 890 ta muammosini hal etish choralari ko‘rildi. 993 nafar shaxs ishga joylashtirildi.
Bundan tashqari, 115 ta aholi gavjum joyga, 35 ta maktab va maktabgacha ta’lim muassasasiga videokuzatuv kameralari, ko‘p qavatli uylarning eshiklariga 25 ta zamonaviy domofon komplekslari o‘rnatildi. Shuningdek, 930 ta xonadon texnik qo‘riqlovga olindi.
Shu o‘rinda yana bir narsani ta’kidlash joiz: agar jinoyatchilikning keskin oshib ketishiga qarshi barchamiz birdek jon kuydirmasak, jamiyatda, ayniqsa, yoshlarimiz o‘rtasida jinoyatchilikka qarshi immunitetni shakllantirmasak, jinoyatlarning oqibatlari bilan ovora bo‘lib yuraveramiz. Bitta jinoyat sodir etilishi ham barchamizni tashvishga solishi kerak.
Bugungi kunda tumanimizdagi 53 ta mahallaning har birida mahalla Telegram kanallari mavjud. Sizlardan iltimos, ushbu Telegram kanallariga a’zo bo‘lsangiz, biz sizlarga bugungi kundagi jinoyatchilik ahvoli, kiberjinoyatlarning yangi turlari, ulardan himoyalanish, giyohvandlik, odam savdosi va boshqa illatlarga qarshi kurashish bo‘yicha ma’lumot berib boramiz.
Eng asosiysi, siz to‘g‘ridan to‘g‘ri profilaktika inspektori bilan bevosita aloqada bo‘lasiz.
Shu o‘rinda hurmatli fuqarolarimizdan ogoh bo‘lishlarini, oilasi, yaqinlari va qo‘ni-qo‘shnilari orasida huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishda jonbozlik ko‘rsatishlarini so‘rab qolaman.
E’tiboringiz uchun rahmat!
