ENDI SHUBHA TADBIRKOR FOYDASIGA: DAVLAT VA BIZNES MUNOSABATLARIDA YANGI DAVR BOSHLANDI
2026-09-21 12:40:00 / Yangiliklar
Kichik sex yoki savdo shoxobchasi egasi uchun ertalab kutilmaganda kirib kelgan tekshiruvchi bir kunlik emas, balki oylab rejalashtirilgan ish sur’atini ostin-ustun qilib yuborishi mumkin edi. Tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan VI ochiq muloqotda 14 mingga yaqin murojaat kelib tushgani va ularning salmoqli qismi aynan nazorat organlarining bosimiga oid bo‘lgani bejiz emas. Ushbu muammolarga fundamental javob tariqasida 2026-yil 27-avgustda qabul qilingan PF-175-sonli Prezident Farmoni nazorat tizimiga shunchaki cheklovlar qo‘yib qolmay, davlat organi va tadbirkor o‘rtasidagi muloqot qoidalarini tubdan qayta yozdi.
1. Uch yillik moratoriy: kichik biznesga to‘liq daxlsizlik
Farmon bilan kichik tadbirkorlik subyektlari faoliyatini har qanday tekshirishga uch yil muddatga qat’iy moratoriy e’lon qilindi. Istisno tariqasida faqat jinoyat ishi doirasida, inson sog‘lig‘i va mehnat qonunchiligiga rioya etilishi, fuqarolar murojaatlari, qo‘shilgan qiymat solig‘ini (QQS) qoplash hamda korxonani tugatish bilan bog‘liq tekshiruvlargina saqlab qolindi.
Asosiy yangilik shundaki, ushbu moratoriy mustahkam huquqiy «tish»ga ega: moratoriy davrida o‘tkazilgan har qanday tekshiruv so‘zsiz noqonuniy deb topiladi va unga yo‘l qo‘ygan mansabdor shaxslar qat’iy javobgarlikka tortiladi. Bundan tashqari, Biznes-ombudsman tomonidan «Samarali nazorat» tadbiri o‘tkazilib, nazorat organlarining oxirgi uch yillik tekshiruv materiallari joyiga chiqqan holda qayta o‘rganiladi va tadbirkorlarning buzilgan huquqlari tiklanadi.
2. Tekshiruvchi o‘rnini mustaqil auditor egallaydi
2027-yil 1-yanvardan 2028-yil 31-dekabrgacha o‘rta va yirik biznes vakillari uchun yangi huquqiy eksperiment boshlanadi. Bunda korxona o‘z tashabbusi bilan mustaqil auditorlik tashkilotini jalb etib, soliq va yig‘imlarni to‘g‘ri hisoblash bo‘yicha auditdan o‘tadi, auditorlik xulosasi esa soliq organi tomonidan to‘liq tan olinadi. Auditdan o‘tgan davr uchun qayta soliq auditi o‘tkazilmaydi.
Agar aniqlangan kamchiliklar 30 kun ichida tuzatilsa, hech qanday moliyaviy jarima qo‘llanilmaydi. Xulosa noto‘g‘ri chiqqan taqdirda esa barcha javobgarlik tadbirkorning zimmasiga emas, balki auditorlik tashkilotining o‘ziga tushadi.
Bir yil ichida takroriy tekshiruv o‘tkazish faqat Biznes-ombudsman ruxsati bilan amalga oshiriladi. Jarima masalasida esa «Birinchi xato uchun — ogohlantirish» qoidasi joriy etildi: ilk bor qoida buzgan, lekin inson sog‘lig‘i va o‘zgalarning mulkiga zarar yetkazmagan tadbirkorga darhol jarima yozilmaydi — unga kamchilikni tuzatish uchun 10 kun muhlat beriladi.
3. Isbotlash yuki davlat organiga o‘tdi
Hujjatning eng salmoqli va inqilobiy normasi — «tadbirkorlik subyektining haqlilik prezumpsiyasi» joriy etilganidir. Bunda aksi isbotlanmaguncha tadbirkor qonunga muvofiq harakat qilgan hisoblanadi. Huquqbuzarlik sodir etilganini va qo‘llanilayotgan choraning qonuniy hamda mutanosibligini isbotlash to‘liq davlat organi zimmasiga tushadi.
Qonunchilikdagi bartaraf etib bo‘lmaydigan ziddiyatlar va dalillarning yetarli emasligidan kelib chiqadigan har qanday shubha so‘zsiz tadbirkor foydasiga talqin qilinadi. Agar sud qarorni qayta ko‘rib chiqishni yuklab, o‘z huquqiy pozitsiyasini bayon etsa, ushbu pozitsiya organ uchun majburiy bo‘ladi va qayta ko‘rib chiqish natijasi tadbirkor ahvolini og‘irlashtira olmaydi.
4. «Ikkinchi imkon» — qarzdorlik va penyalarдан xalos bo‘lish
2026-yil 31-dekabrgacha kichik va o‘rta biznes uchun «Ikkinchi imkon» iqtisodiy amnistiyasi amal qiladi. Asosiy soliq qarzi to‘liq to‘lansa, unga hisoblangan sitamli penyalar hisobdan chiqariladi va ijro ishlari tugatiladi.
Hisobotga mustaqil tuzatish kiritib, qo‘shimcha soliqni to‘lagan tadbirkorga ham penya yozilmaydi va barqarorlik reytingidagi ballari tushirilmaydi. 2026-yil 1-yanvargacha shakllangan ayrim ma’muriy va moliyaviy jarimalarning to‘lanmagan qismi hisobdan chiqariladi. Yagona shart — 2027-yil 1-yanvar holatiga soliq qarzdorligi qolmasligi zarur.
XULOSA O‘RNIDA: TIZIM MANTIG‘I QANDAY O‘ZGARDI?
· Avval: Tadbirkor o‘z aybsizligi va haqligini isbotlashga majbur edi — Endi: Huquqbuzarlikni davlat organining o‘zi isbotlab berishi shart.
· Avval: Birinchi xato ham jarima bilan tugardi — Endi: Ogohlantirish va 10 kunlik tuzatish imkoniyati beriladi.
· Avval: Tekshiruv kutilmaganda kirib kelar edi — Endi: Kichik biznes uchun u 3 yilga to‘xtatildi.
Biznes ahli shuni unutmasligi lozim: ushbu kafolat va yengilliklar avtomatik ravishda ishlab qolmaydi — ular o‘z huquqini teran anglagan va zarur paytda talab qila olgan tadbirkorninggina mustahkam qalqoniga aylanadi.
