Yangi O‘zbekiston ayollari-kuch, mehr va ilhom timsoli!
2026-03-06 10:00:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Assalomu alaykum, aziz va muhtarama ayollar, onaxonlar va opa-singillar!
Avvalo, siz, qadrli ayollarni muborak Ramazon oyining fayzli kunlari hamda bahor nafasi ufurib kelayotgan 8 mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Bu qutlug‘ ayyomda biz, avvalo, muqaddas va mo‘tabar Ona siymosi oldida bosh egamiz. Chunki ona — hayot manbai, mehr-muhabbat timsoli, inson qalbiga ezgulik urug‘ini qadaydigan buyuk zotdir.
Ayol zotining nafosati va nazokati, vafo va sadoqati, aql-zakovati va fidoyiligi asrlar davomida hayotning uzviy davomiyligini ta’minlab kelmoqda. Dunyo tamaddunida yaratilgan eng nodir san’at asarlari, qo‘shiq va qasidalar, muhtasham me’moriy obidalar ayollar sha’niga bag‘ishlangani ham bejiz emas. Chunki ayol — ilhom, ayol — sabot, ayol — nafosat ramzidir.
Oila va jamiyat ustuni, hayotimiz fayzi va ko‘rki bo‘lgan xotin-qizlarni e’zozlash, ularga hurmat va ehtirom ko‘rsatish xalqimiz uchun azaliy qadriyat hisoblanadi. Zero, sizlar bilan hayotimiz go‘zal va mazmunli, xonadonlarimiz obod va nurlidir. Ona mehri, ayol qalbidagi poklik va sabr-toqat har qanday jamiyatni mustahkam qiladi.
Hurmatli tadbir katnashchilari!
Yurtimizda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularning jamiyatdagi o‘rni va nufuzini mustahkamlash davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. So‘nggi yillarda bu borada 40 dan ortiq me’yoriy-huquqiy hujjatlar qabul qilinib, xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashning mustahkam huquqiy asosi yaratildi.
Mamnuniyat bilan ta’kidlamoqchimanki tumanimiz miqyosida ham 7 nafar ayol deputatlar faoliyat ko‘rsatayotganini 1 nafari xalq deputatlari viloyat Kengashining deputatidir.
Tumanimizdagi 33 ta mahallalarda opa-singillarimizning muammolari, dard-u tashvishlari bilan doimiy shug‘ullanadigan adolatli va samarali tizim, xotin-qizlar faollari faoliyat yuritib kelmoqda.
Ayni paytda tumanimizda boshqaruv organlari tarkibida 178 nafar ayol rahbarlar mehnat qilib kelmoqda. Ham oila, ham lavozim yukini birdek ko‘tarayotgan ayollar safi yil sayin kengayib bormoqda.
Shuni ta’kidlamoqchimanki O‘tgan yilda 3144 nafar ishsiz xotin-qizlar ro‘yxati shakllantirilib, Shundan:
797 nafari ish bilan ta’minlandi;
2545 nafari o‘zini-o‘zi band qildi;
344 nafariga 5 mlrd 26 mln so‘m kredit ajratildi;
1139 nafari kasb-hunarga o‘qitildi.
“Ayollar daftari”dagi xotin-qizlarga
1 mlrd 564 mln so‘m imtiyozli kredit berildi. Ularning aksariyati tikuvchilik, chorvachilik, parrandachilik, asalarichilik, ko‘chat yetishtirish kabi yo‘nalishlarda o‘z biznesini yo‘lga qo‘ydi.
Har oyda kamida 10 nafar og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarga ijtimoiy-huquqiy, psixologik va moddiy yordam ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilgan.
Mamnuniyat bilan aloxida aytib o‘tmoqchiman, Xotin-qizlarimizga qaratilayotgan e’tibor natijasida, bugun ular ilm-fan, madaniyat, san’at kabi sohalarni rivojlantirishda faol qatnashmoqda. Ularning mehnati hukumatimiz tomonidan munosib rag‘batlantirilmoqda.
Ana shunday fidoyi insonlardan “Guliston” mahalla fuqarolari yig‘ini kompleks ijtimoiy xizmat ko‘rsatish xodimi Shoira Musurmonova “Shuhrat” medali bilan, Bulung‘ur tuman tibbiyot birlashmasi bosh hamshirasi, Feruza Yaxshilikova "Sog‘lom turmush" medali bilan taqdirlandi. Shuningdek, boks bo‘yicha 5 karra O‘zbekiston,
3 karra Osiyo va jahon chempioni Sitora Turdibekova nafaqat tumanimiz balki yurtimiz nomini jahon arenalarida munosib himoya qilib, kelmoqda va “Shuhrat” hamda “Jasorat” medallari bilan taqdirlangan. Yana bir Bulung‘urlik sportchimiz, parataekvondo yo‘nalishi vakili Umida Mamarajabova Dubay–2025 yoshlar o‘rtasidagi V ParaOsiyo o‘yinlarida kumush medalni qo‘lga kiritganligi,
tumanimizda jamiyat rivoji yo‘lida o‘zining beminnat hissasini qo‘shib kelayotgan xotin-qizlarimiz uchun ham quvonchli bir yutuq bo‘ldi, deb o‘ylayman.
Jamiyatda xotin-qizlarimiz uchun munosib shart-sharoitlar yaratish, ularning turmush tarzini yanada yaxshilash va ijtimoiy faolligini oshirish borasida aniq vazifalarni belgilab oldik.
Jumladan, 2026 yil davomida 2300 dan ortiq ishsiz xotin-qizlarni kasb-hunarga o‘qitish, ularni zamonaviy ko‘nikmalarga ega bo‘lishlarini ta’minlash hamda keyinchalik doimiy ish bilan bandligini ta’minlash rejalashtirilgan.
Shu bilan birga, 193 nafar xotin-qizga tadbirkorlik faoliyatini boshlash yoki mavjud bizneslarini kengaytirish uchun imtiyozli kreditlar ajratish orqali ularning iqtisodiy mustaqilligini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bu kabi chora-tadbirlar xotin-qizlarimizning jamiyatdagi o‘rni va nufuzini yanada oshirish, ularning farovon hayot kechirishi uchun mustahkam zamin yaratishga xizmat qiladi.
Aziz onalar, opa-singillar, mehnatkash va fidoyi xotin-qizlar!
Sizlar hayotimizga mehr va nur olib kirasizlar, oilalarimizga baraka va fayz baxsh etasizlar. Sizlarning sabr-matonatingiz, donishmandligingiz va mehribonligingiz jamiyatimiz tayanchidir. Bugun amalga oshirilayotgan barcha islohotlar, yaratilayotgan imkoniyat va imtiyozlar, eng avvalo, sizlarning baxtli va farovon hayot kechirishingizga qaratilgandir.
Sizlarga mustahkam sog‘liq, xonadonlaringizga tinchlik-xotirjamlik tilayman. Qalbingizdagi ezgu orzu-umidlar ro‘yobga chiqsin!
Bayramingiz muborak bo‘lsin, aziz va muhtaram xotin-qizlar!
