FARZANDLARIMIZNING YORQIN KELAJAGI UCHUN HAMMAMIZ MAS’ULMIZ
2026-06-12 10:45:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

FARZANDLARIMIZNING YORQIN KELAJAGI UCHUN HAMMAMIZ MAS’ULMIZ
Bulung‘ur tumani hokimi Samandar Astonovning tuman aholisiga MUROJAATI
Aziz bulung‘urliklar!
Bugun dunyo miqyosida inson salomatligi va jamiyat barqarorligiga tahdid solayotgan illatlardan biri — giyohvandlikdir. Bu illat insonning orzu-maqsadlarini, oilaning tinchligi va farovonligini, eng muhimi, yoshlarimizning porloq kelajagini xavf ostiga qo‘yadi.
Yurtimiz kelajagi bo‘lgan yosh avlodni bunday zararli ta’sirlardan himoya qilish, ularni sog‘lom fikrli, bilimli, tashabbuskor va Vatanga sadoqatli insonlar etib tarbiyalash — barchamizning eng muhim vazifamizdir.
Hurmatli ota-onalar, ustozlar, nuroniylar va mahalla faollari!
Farzandlarimizning har bir qadami, ularning qiziqishlari va orzu-intilishlariga e’tiborli bo‘lishimiz zarur. Ularni sport, san’at, kitobxonlik, ilm-fan va kasb-hunarga yo‘naltirish orqali salbiy illatlarga qarshi mustahkam qalqon yaratamiz.
Qadrli yoshlar!
Sizlar Bulung‘urimizning faxri, Yangi O‘zbekistonning bunyodkorlarisiz. O‘z oldingizga yuksak maqsadlarni qo‘yib, ilm olishdan, izlanishdan va o‘z ustingizda ishlashdan to‘xtamang. Har qanday zararli odatlarga nisbatan qat’iy munosabatda bo‘ling va tengdoshlaringizga ham to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsating.
Aziz yurtdoshlar!
Sog‘lom va ma’naviy yetuk avlodni tarbiyalash faqat bir tashkilot yoki bir oilaning emas, balki butun jamiyatning vazifasidir. Keling, farzandlarimiz baxti, mahallalarimiz osoyishtaligi va Bulung‘ur tumanining yorqin kelajagi yo‘lida birlashaylik.
