Bulung‘ur tuman prokurorining aholiga murojaati
2026-03-10 14:15:00 / Yangiliklar

Bulung‘ur tuman prokurorining aholiga murojaati
Assalomu alaykum, hurmatli Bulung‘ur tuman aholisi va mehmonlari!
So‘nggi yillarda mamlakatimizda turli sohalarda keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilib kelinayotganligiga barchamiz guvoh bo‘lib turibmiz.
Muqaddam xabar berganimizdek Prezidentimizning “Respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish yo‘nalishida yaxlit manzilli ishlash tizimini joriy etishga qaratilgan qo‘shimcha chora–tadbirlar to‘g‘risida”gi 2026-yilning 3-yanvardagi PQ-1-son hamda PQ-2-son “xdfu” qarorlarini qabul qilinishi mamlakatimizni jinoyatdan holi hududga aylantirishga qaratilgan muhim hujjatlar hisoblanadi.
Darhaqiqat, har qanday mamlakatning taraqqiyoti va yuksalish darajasi aholi osoyishtaligi va xavfsiz hayotini hamda jinoyat uchun jazo muqarrarligini ta’minlash samaradorligi bilan baholanadi.
Tumanimizda kriminogen vaziyatni yaxshilash va jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni oldini olish borasida muayyan ishlar amalga oshirilgan bo‘lsada, biroq jinoyatchilik yuqori ko‘rsatkichni saqlab qolmoqda.
Afsuski, tumanimizda 2026-yilning 2 oyida 56 ta jinoyat sodir qilinib, o‘tgan yilga nisbatan 11 ta yoki 24,4 foizga oshishiga yo‘l qo‘yildi.
Jinoyatchilik tahlil qilinganida, oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlar 1 taga
4,5 foizga ko‘paygan, shu jumladan uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatlar 3 taga 50 foizga, shundan oilaviy zo‘ravonlik 2 taga ya’ni 200 foizga, bezorlik va o‘rtacha og‘ir tan jarohati yetkazish 1 tadanga ya’ni 100 foizga oshgani barchamizni tashvishga solishi lozim.
Joriy yilning o‘tgan 2 oyida tumanimizdagi mahallalarning 41 tasida yoki 83,7 % foizida jinoyatlar sodir etilishining oldi olingan bo‘lib, 8 tasi yoki 16,3 % foizida mahallada oldi olinishi mumkin bo‘lgan jinoyatlar sodir etilishiga yo‘l qo‘yilgan.
Jinoyatlarning salmoqli qismini axborot texnologiyalaridan foydalangan holda fuqarolarning plastik kartochkalaridagi pul mablag‘larini talon-toroj qilish jinoyatlarini tashkil etayotganligi jinoyatchilikka qarshi kurashishda oldimizda jiddiy muammolar turganligidan dalolat beradi.
Axborot texnologiyalari imkoniyatlaridan foydalanib, jinoyatchilar fuqarolarni aldash, ularning mulkini qo‘lga kiritish kabi jinoyatlarning yangi usullarini qo‘llamoqda.
Tabiiyki, ana shunday sharoitda huquq - tartibot organlari va fuqarolarning hamjihatligi, hamkorligi har qachongidan ham muhim ahamiyatga ega.
Tumanimiz fuqarolari ham mazkur toifadagi jinoyatlarning qurboniga aylanishayotgani, ya’ni uddaburon jinoyatchilar tomonidan joriy yilning 2 oyida 22 nafar fuqarolarning plastik kartasida pul mablag‘larini talon-toroj qilishganligi barchamizni tashvishga solishi lozim.
Misol uchun fuqaro K.M. tuman IIBga ariza bilan murojaat qilib, unda 2026-yilning 28-yanvar kuni ijtimoiy tarmoqdagi firibgarlarga ishonib bank plastik kartasidan 25 mln. so‘m miqdoridagi pul mablag‘lari o‘tkazib berib aldanib qolganligini ma’lum qilib, qonuniy chora ko‘rishni so‘rab murojaat qilgan.
Mazkur holat yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tuman IIB huzuridagi tergov bo‘limiga tergov harakatlarini o‘tkazishlik uchun yuborildi.
Afsuski tumanda o‘g‘rilik jinoyatini sodir qilinib kelishi bu borada fuqarolarimizning o‘z mol-mulkiga beparvo munosabatda bo‘lishi oqibatida 7 ta o‘g‘rilik jinoyatlarini sodir etilishiga sabab bo‘lmoqda.
Misol uchun, joriy yilning 8-fevral kuni Bulung‘ur tumani “Bog‘bon” mahallasida yashovchi fuqaro Z.O. tuman IIB boshlig‘i nomiga ariza bilan murojaat qilib, unda o‘ziga tegishli bo‘lgan qo‘yxonasiga olib kelib qo‘ygan har biri 1 mln. so‘mlik qo‘yini noma’lum shaxs tomonidan o‘g‘irlab ketilganligini ma’lum qilib aybdor shaxslarga nisbatan qonuniy chora ko‘rilishini so‘ragan.
Mazkur holat yuzasidan 08.02.2026-yilda JKning 169-moddasi 2-qismi “g” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Shu bois barchalaringizdan uy-hayvonlarini qarovsiz qoldirmasligingizni, mulkingizga nisbatan ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lishlaringizni so‘rab qolar edim.
Muhtaram Prezidentimizning mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish bo‘yicha PQ-1-sonli Qarori ijrosini ta’minlash, Siz azizlarni jinoyatlardan jabrlanib qolish ehtimolingizni oldini olish maqsadida tumanimizdagi kriminogen vaziyat yuzasidan mazkur murojaatimni yo‘llamoqdaman.
Aziz tumanimiz ahli !
Xalqimizning farovon, tinch va osoyishta hayot kechirishini ta’minlash, mamlakatimizni har tomonlama taraqqiy ettirish, barcha prokuratura organlari xodimlarining oliy maqsadidir.
Ishonchim komilki, ushbu murojaatim Sizlarni befarq qoldirmaydi.
Bulung‘ur tuman prokuraturasi va tumandagi barcha huquqni muhofaza qiluvchi organlar bu borada Sizga hamisha eng yaqin ko‘makchi, huquqlaringiz, mol-mulkingiz himoyachisi bo‘lib qolaveradi.
O‘zingizni, oilangizni va yurtning kelajagini ehtiyot qiling
