RAMAZON – EZGULIK VA YAXSHILIK OYI
2026-02-18 18:45:00 / Yangiliklar

Ramazon oyi boshlanishi bilan Islom olamiga katta xursandchilik kirib keldi. Aslida, Ramazon oyida tong otgandan kun botguncha ro‘za tutish o‘ziga yarasha mashaqqat bo‘lsada, bu oyning fayzu barokati mo‘min musulmonlarni sevintiradi. Buning ustiga ko‘pchilik odamlar ro‘za tutgani uchun ochlik ham, chanqoqlik ham yoqimli va xush keladi.
Alloh taoloning Islom ummatiga marhamati sababli Ramazon oyi bir qancha fazilatlarga ega. Bu oyda Qur’oni karim nozil bo‘la boshlagan, bu oyda Qadr kechasi bor, bu oyda ezgu amallarga ko‘plab barobar savoblar berilishi va’da qilingan. Bugungi suhbatimiz Ramazon oyining fazilati va shu oyni tom ma’noda taqvo va yaxshilik oyiga aylantirish haqida bo‘ladi.
Ramazon oyi mo‘min kishi uchun taqvo va ezgulik mavsumidir. Kishi bu muborak oyda farz bo‘lgan ro‘zani tutishi bilan ko‘plab dunyoviy va uxroviy manfaatlarga erishadi. Nafsi poklanadi, shahvatidan g‘olib bo‘lishni o‘rganadi, Allohning nazoratini his qiladi. Bu haqda Baqara surasida shunday deyiladi:
“Ey, imon keltirganlar! Sizlardan oldingi (ummat)larga farz qilingani kabi sizlarga ham ro‘za tutish farz qilindi, shoyad (u sababli) taqvoli bo‘lsangiz” (Baqara surasi 183-oyat).
Oyati karimada ro‘za tutish taqvo hosil bo‘lishiga sabab bo‘lishi bayon qilinmoqda. Taqvo – Alloh taoloning buyruqlariga bo‘ysunish va qaytarganlaridan qaytishdir. Taqvo – jannatga yetaklovchi vositadir. Bu haqda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar:
“Kim iymon va savob umidida Ramazon ro‘zasini tutsa, uning o‘tgan gunohlari kechiriladi” (Muttafaqun alayh).
Ramazon oyining fazilati haqida Qur’oni karimda shunday deyiladi:
“Ramazon oyi – odamlar uchun hidoyat (manbai) va to‘g‘ri yo‘l hamda ajrim etuvchi hujjatlardan iborat Qur’on nozil qilingan oydir. Bas, sizlardan kim bu oyda (o‘z yashash joyida) hozir bo‘lsa, ro‘zasini tutsin” (Baqara surasi 185-oyat).
Bu oyati karimada Qur’oni karimning nozil bo‘lishi Ramazon oyidan boshlangani aytilgan va bu Qadr kechasida sodir bo‘lgan. Uzrli kishilardan boshqa kim bu oyda muqimlikda bo‘lsa, albatta, ro‘za tutishi farzdir.
Ramazon oyining barakotidan, fazilatidan bu oyda qilingan savob ishlarning ajri ko‘paytirib beriladi. Bu haqda bir nechta hadisi shariflar kelgan. Imom Termiziy Anas roziyallohu anhudan keltirgan rivoyatda aytiladi, Nabiy alayhissalom aytdilar:
“Sadaqaning afzali Ramazondagi sadaqadir” (Imom Termiziy rivoyati).
Payg‘ambarimiz alayhissalom Ramazon oyida yaxshiliklarni ko‘paytirishlari bu oydagi xayr-ehson boshqa oydagi xayr-ehsonlardan afzal ekaniga ochiq dalildir.
Alohida ta’kidlash joizki, Ramazon ro‘zasi faqatgina yeb-ichishdan tiyilish emas, balki til va boshqa a’zolarni gunohlardan saqlash demakdir. Bugungi axborot texnologiyalari rivojlangan davrda “tilni tiyish” tushunchasi ijtimoiy tarmoqlardagi faoliyatni ham o‘z ichiga oladi. Tekshirilmagan, asossiz xabarlarni tarqatish, bilib-bilmay g‘iybat va tuhmatga sherik bo‘lib qolish, insonlar sha’nini yerga uruvchi yolg‘on ma’lumotlarni ulashish ro‘zaning savobini ketkazadi va katta gunoh hisoblanadi. Shunday ekan, ro‘zador inson virtual olamda ham taqvoni unutmasligi, har bir yozayotgan so‘zi va tarqatayotgan xabari uchun Qiyomat kuni javob berishini his qilishi lozim.
Ramazon oyida Payg‘ambarimiz alayhissalomning saxovatlari ziyoda bo‘lar, bu ayniqsa, Jabroil alayhissalom bilan uchrashib, unga Qur’on o‘qib berganlaridan keyin sezilardi. Bu Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam odamlar orasida eng saxiysi edilar. Ayniqsa, Jabroil bilan uchrashib, u zot bilan Qur’onni dars qilishganidan so‘ng juda saxovatli bo‘lib ketardilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Jabroil bilan uchrashganda yaxshilik qilishga (yomg‘ir olib keluvchi) yoqimli shamoldan ham saxovatliroq bo‘lar edilar” (Imom Buxoriy rivoyati).
Biz ham Payg‘ambarimiz alayhissalomdan o‘rnak olib, Ramazon oyida saxovatimizni kuchaytirishimiz, yon atrofdagi muhtojlarga g‘amxo‘rlik qilishimiz dinimiz talabidir. Shuning uchun bu muborak oyda muhtojlarga har doimgidan ham ko‘proq yordam qo‘lini cho‘zish kerak bo‘ladi.
Ramazonda odamlarga iftor qilib berish ham katta savobdir. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shunday marhamat qilganlar:
“Kim bir ro‘zadorni iftorlantirsa, unga o‘shaning ajricha ajr beriladi, lekin ro‘zadorning ajridan biror narsa kamaymaydi” (Imom Termiziy rivoyati).
Faqat iftorlik dasturxonlarini dabdaba va kimo‘zarga aylantirib yubormaslik kerak. Chunki riyo aralashgan joyda amalning savobi ketib, gunohga aylanib qoladi. Shuning uchun iftorliklarni mo‘tadil qilish va ko‘proq e’tiborni iqtisodiy qiynalgan oilalarga qaratish kerak. Iftorga kela olmaydigan, uyda o‘tirib qolgan qariyalar, nogironlar va beva bechoralarni ham taom va oziq ovqatlar bilan yo‘qlab turish ayni muddao bo‘ladi. Chunki hadisi shariflarda faqat o‘ziga to‘q kishilarnigina chaqirib kambag‘allarni ajratib qo‘yish qoralangan. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda:
“Taomlarning yomoni shunday ziyofatki, unga boylar chaqirilib, kambag‘allar tark qilinadi” (Imom Buxoriy rivoyati).
Bugungi kunda jonajon Vatanimizda mo‘min-musulmonlarning ibodatlarini emin-erkin ado etishlari uchun barcha zarur sharoitlar yaratilganini alohida ta’kidlash joiz. Masjidlarimiz kundan-kunga obod bo‘lib, yurtimizda hukm surayotgan tinchlik va osoyishtalik sababli xalqimiz Ramazon oyi ibodatlarini, xususan, tarovih namozlari va xatmi Qur’onlarni ko‘tarinki ruhda, xotirjamlik bilan o‘tkazmoqda.
Shuni mamnuniyat bilan qayd etish kerakki, Muhtaram Yurtboshimiz tomonidan muborak Ramazon oyi kirib kelishi munosabati bilan xalqimizga tabrik yo‘llaganlari, ushbu oyni munosib tarzda o‘tkazish bo‘yicha Prezidentimizning maxsus qarori qabul qilingani ham davlatimizning muqaddas dinimizga va xalqimizning asriy an’analariga bo‘lgan yuksak ehtiromining yorqin namunasidir. Mazkur Qaror asosida yurtimiz bo‘ylab Ramazon oyining mohiyatida mujassam bo‘lgan insonparvarlik, sabr-qanoat va shukronalik fazilatlarini ulug‘lovchi ma’rifiy tadbirlar tashkil etilmoqda. Shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, oilalar va mahallalarda mehr-oqibat muhitini mustahkamlashga qaratilgan xayrli ishlar davlat siyosati darajasida amalga oshirilayotgani barchamizni quvontiradi.
Yana shuni ta’kidlash kerakki, Ramazon oyida Alloh taolo ko‘plab bandalarining gunohlarini kechiradi, biz ham shundan o‘rnak olib, o‘zaro gina-kuduratlarni unutib, bir-birimizni kechirib, do‘st-birodar bo‘laylik. O‘zaro muhabbatli bo‘lishimiz Alloh taologa sevimlidir. Bu haqda payg‘ambarimiz alayhissalom:
“Iymon keltirmaguningizcha jannatga kirmaysiz, bir-biringizni yaxshi ko‘rmaguningizcha iymon keltirgan bo‘lmaysiz. Sizlarni bir amalga dalolat qilaymi, uni qilsangiz bir-biringizni yaxshi ko‘rasiz: orangizda salomni keng yoying” (Imom Muslim rivoyati).
Tijoratchilarimiz ham Ramazon oyining hurmatiga narx-navolarni sun’iy ko‘tarmasdan, balki vaqti-vaqti bilan pastlatib, xalqimizning duolarini olsinlar, inshoolloh kelgusida kasblariga xayru baraka kirib, sarf qilgan xayru ehsonlarining o‘rni to‘lib ketadi va g‘animat bir fursatni qo‘lga kiritgan bo‘ladilar.
Ro‘za va Qur’on qiyomat kuni o‘z sohibini shafoat qiladi. Bu haqda Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhumodan rivoyat qilgan hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar:
“Ro‘za va Qur’on ikkisi Qiyomat kuni bandani shafoat qiladi: ro‘za: “Ey, Robbim, men buni kunduzlari taom va shahvatlardan to‘sgan edim, uning haqida shafoatimni qabul qil”, deydi. Qur’on: “Men uni kechalari uyqudan to‘sgan edim, uning haqida shafoatimni qabul qil”, deydi. Bas, ikkovining ham shafoati qabul qilinadi” (Imom Ahmad rivoyati).
Imom Nasaiy rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sallallohu alayhi va sallam shunday marhamat qilganlar:
“Alloh taolo Ramazon ro‘zasini farz qildi va men uning qiyomini sizlar uchun sunnat qildim. Kimiki imon va ishonch bilan savob umidida ro‘za tutsa va kechalari qiyomda tursa, onadan tug‘ilgan kunidagidek gunohlardan pok holda chiqadi” (Imom Nasoiy rivoyati).
Ushbu hadisda Ramazondek buyuk fazilatlarga boy oyda faqat ro‘za tutibgina kifoyalanmasdan, balki kechalari qoim bo‘lib, Allohning buyuk va’dalariga sazovor bo‘lishga targ‘ib qilinmoqda.
Bulung‘ur tumani bosh imom xatibi
M.Jomonqulov
