Korrupsiyaga qarshi kurashish.
2025-06-05 16:30:00 / Yangiliklar

Korrupsiyaga qarshi kurashish.
Korrupsiya dunyoda hal etilishi lozim bo‘lgan global muammolardan biri bo‘lib, bu illat har qanday davlat va jamiyatning siyosiy-iqtisodiy taraqqiyotiga eng katta zarar yetkazishi bilan birga inson huquq va erkinliklarining buzilishiga olib keladi. Shuning uchun unga qarshi kurashish muhim ahamiyatga ega. Unga qarshi kurashish doimiy ravishda zarur bo‘lgan ustuvor vazifalardan biriga aylandi.
Shulardan kelib chiqib, mamlakatimizda 2017-yil 3-yanvarda "Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida"gi Qonun qabul qilinib, unga qarshi kurashishning huquqiy mexanizmi yaratildi. Uning asosiy maqsadi korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
Mazkur Qonunning 3-moddasida asosiy tushunchalar berilgan, ya’ni korrupsiya shaxsning o‘zi egallab turgan lavozimdan shaxsiy manfaatlarini yoki boshqa shaxslarning manfaatlarini ko‘zlab moddiy yoki nomoddiy naf olish maqsadida, qonunga xilof ravishda foydalanishi yoki shunday harakatni qonunga xilof ravishda taqdim etishidir.
Shuningdek, mazkur Qonunning 5-moddasida esa korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari ko‘rsatib o‘tilgan bo‘lib, ular aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, davlat va jamiyatning barcha sohalarida korrupsiyaning oldini olishga doir chora-tadbirlarni amalga oshirish, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni o‘z vaqtida aniqlash, ularga chek qo‘yish, ularning oqibatlarini hamda bunga imkon beruvchi sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etish choralarini ko‘rish, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun javobgarlikning qat’iy belgilanganligi prinsipini ta’minlashdan iborat.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 2-fevraldagi qarori bilan "2017-2018-yillarga mo‘ljallangan korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha davlat dasturi" qabul qilindi.
An’ana asosida bir qator qonun loyihalari ishlab chiqilib, amaldagilari esa inventarizatsiyadan o‘tkazildi. Umuman olganda, so‘nggi yillarda qilingan ishlar tahlili aholining ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilganini ko‘rsatadi.
Bundan tashqari, Prezidentimizning 2022 yil 12 yanvardagi "Korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi PQ-81-sonli Qarori qabul qilinib, ushbu qaror bilan davlat organlari va tashkilotlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarida korrupsiyaga qarshi kurashish, uning kelib chiqish sabab va shart-sharoitlarini aniqlash hamda oldini olish bo‘yicha tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, bir qator vazirlik va korxonalar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarida ISO 37001:2016 xalqaro standartiga asosan korrupsiyaga qarshi kurashish menejment tizimi joriy etildi.
Davlat organlari va korxonalari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatiga doir samarali ko‘rsatkichlarni belgilash va ularni xalqaro standartlar asosida baholash tizimini joriy etish maqsadida Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Bosh prokuratura va Adliya vazirligining davlat organlari va korxonalari, mahalliy davlat hokimiyati organlarida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha chora-tadbirlar samaradorligini tahlil qilish, baholash va kamchiliklarni bartaraf etishga qaratilgan Korrupsiyaga qarshi kurashish ishlari samaradorligini reyting baholash tizimini joriy etish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullandi.
Mazkur qaror bilan reyting baholash Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan "E-Anticor.uz" elektron platformasi orqali tashkil etilib, korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligi 0 balldan 100 ballgacha reytingda baholanib, mehnat faoliyati "yaxshi," "qoniqarli" va "qoniqarsiz" toifalarga ajratildi.
Reyting baholash natijalari elektron platformada hisoblab chiqiladi va har yili 1-martga qadar keng jamoatchilik uchun ommaviy axborot vositalarida e’lon qilib borilishi ko‘zda tutildi.
Ushbu qarorlarning muhim jihati korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatni bevosita amalga oshiruvchi davlat organlari haqida ma’lumot berilib, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Ichki ishlar vazirligi, Adliya vazirligi hamda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyati qonun hujjatlariga muvofiq boshqa davlat organlari ham amalga oshirilishi nazarda tutilgan.
Prezidentimiz tomonidan tasdiqlangan ushbu qaror va farmonlar barchaning qonun oldida tengligi, fuqarolarning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini himoya qilishda muhim hujjatdir.
Binobarin, davlat va jamiyat, shu bilan birga nodavlat idora va tashkilotlar bunday illatning oldini olish va unga qarshi kurashishda birgalikda harakat qilsa, samarali yutuqqa erishish mumkin.
Nukus tumanlararo
ma’muriy sud
hakam yordamchisi: B. Ametov
