Bo‘zatov tumanida "Rahbar va yoshlar" uchrashuvi bo‘lib o‘tdi
2026-04-30 15:05:00 / Majlislar

Bo‘zatov tumanida "Rahbar va yoshlar" uchrashuvi bo‘lib o‘tdi
Bo‘zatov tumanida "Yoshlar kuni" doirasida "Rahbar va yoshlar" mavzusida uchrashuv tashkil etildi. Tadbir tuman hokimi B.Ubbiniyazov rahbarligida o‘tkazilib, unda tuman yoshlari bilan ochiq fikr almashish, ularning g‘oya va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga qaratildi.
O‘tkazilgan uchrashuvda tuman prokurori J.Ashirbayev, tuman Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i U.Kurbanbaeva, tuman soliq inspeksiyasi boshlig‘i A.Arziev, shuningdek, tuman yoshlari ishtirok etdi.
Tadbir davomida tuman yoshlari o‘zlarining innovatsion g‘oyalari, startap loyihalari va mobilografiya yo‘nalishidagi ishlari haqida so‘zlab berdi. Yoshlar tomonidan bildirilgan yangi takliflar va amaliy tashabbuslar tuman rahbarlari tomonidan qiziqish bilan tinglanib, ularni amalga oshirish bo‘yicha tegishli qo‘llab-quvvatlashlar berilishi ta’kidlandi.
Uchrashuv yoshlar uchun nafaqat fikr almashish maydoni, balki ularning kelajakka bo‘lgan ishonchini mustahkamlovchi, yangi yutuqlarga ruhlantiruvchi platformaga aylandi.
Bunday uchrashuvlar tuman yoshlarining salohiyatini oshirish va ularning innovatsion tafakkurini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Bo‘zatov tumanida bu boradagi ishlar izchil davom ettirilib, yoshlarga keng imkoniyatlar yaratilmoqda.









