So‘nggi vaqtlarda sud tizimida raqamli texnologiyalarni joriy etish fuqarolarga qulaylik yaratish bilan birga, korrupsiya xavfini kamaytirishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.
2026-02-18 11:25:00 / Yangiliklar

So‘nggi vaqtlarda sud tizimida raqamli texnologiyalarni joriy etish fuqarolarga qulaylik yaratish bilan birga, korrupsiya xavfini kamaytirishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.
Sudlarda interaktiv xizmatlarning keng joriy etilishi inson omilini qisqartirish, ochiqlikni ta’minlash va ortiqcha byurokratik to‘siqlarni bartaraf etishga qaratilgan.
Interaktiv xizmatlar orqali fuqarolar sudga murojaat qilish, ariza va hujjatlarni elektron shaklda taqdim etish, ish yuritish jarayonini onlayn kuzatish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda. Bu esa barcha jarayonlarni ochiq-oshkora amalga oshirishga xizmat qiladi.
Xizmatlarning onlayn tarzda ko‘rsatilishi orqali fuqaro va mansabdor shaxs o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot sezilarli darajada kamayadi. Natijada subyektiv yondashuv, noqonuniy kelishuvlar va korrupsion holatlar uchun imkoniyatlar cheklanadi.
Bugungi kunda sud xizmatlarining katta qismi elektron shaklga o‘tkazilgan bo‘lib, minglab fuqarolar ushbu xizmatlardan foydalanmoqda. Elektron murojaatlar orqali ishlarni ko‘rib chiqish muddatlari qisqartirilib, fuqarolarning vaqt tejalishi ta’minlanmoqda. Ushbu ko‘rsatkichlar infografika va ochiq statistik ma’lumotlar orqali jamoatchilikka taqdim etilmoqda.
Sudlarda interaktiv xizmatlarning joriy etilishi korrupsiyaga qarshi kurashishda samarali mexanizm hisoblanadi. Ochiq-oshkora va raqamlashtirilgan sud tizimi fuqarolarning sudga bo‘lgan ishonchini oshirishga, qonuniylik va adolatni ta’minlashga xizmat qiladi.
Mamlakatimizda sud-huquq tizimini liberallashtirish, sud hokimiyati mustaqilligini yanada mustahkamlash, odil sudlov sifati va samaradorligini oshirish, jinoyat va jinoyat-protsessual qonunchiligida insonparvarlik tamoyillarini kuchaytirishga qaratilgan ishlar ko‘lami nihoyatda kengayib, yangi bosqichlarga ko‘tarilib bormoqda.
Sudlarda interaktiv xizmatlar turini kengaytirish bo‘yicha ishlarni jadallashtirish, sud hokimiyati organlari faoliyatini raqamlashtirish orqali sudlar va boshqa idoralar o‘rtasida ma’lumot almashinuvini yanada yaxshilaydi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi
ma’muriy sudning devonxona mudiri A.Koshanov
