Chorvachilikni rivojlantirish va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash masalalari muhokama qilindi
2026-06-04 10:00:00 / Yangiliklar

Boyovut tumani hokimligida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 15-avgustdagi PQ–322-sonli “Aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan barqaror ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosiga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda tuman hokimi Niyoz Xazratkulov, Sirdaryo viloyati prokurori o‘rinbosari Sherzod Artikbayev, qishloq xo‘jaligi sohasi mas’ullari hamda chorvachilik yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan fermer xo‘jaliklari rahbarlari ishtirok etdi.
Tadbir davomida mazkur qarorning mazmun-mohiyati va unda belgilangan ustuvor vazifalar atroflicha tushuntirildi. Xususan, aholini go‘sht, sut, tuxum, baliq, o‘simlik yog‘i va kartoshka kabi asosiy oziq-ovqat mahsulotlari bilan barqaror ta’minlash, chorvachilik xo‘jaliklarining ozuqa bazasini mustahkamlash, naslli chorva va parrandachilikni rivojlantirish hamda mahsulotlar narxlari barqarorligini saqlash bo‘yicha belgilangan vazifalarga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, qaror asosida chorvachilik va ozuqabop ekinlar yetishtiruvchi xo‘jaliklarga imtiyozli kreditlar ajratilishi, kredit foizlarining bir qismini kompensatsiya qilish, naslli chorva importi uchun subsidiya mexanizmlarining amal qilish muddati uzaytirilgani hamda ozuqabop ekinlar yetishtirish uchun qo‘shimcha moliyaviy imkoniyatlar yaratilayotgani ta’kidlandi.
Yig‘ilishda chorvachilik fermer xo‘jaliklari rahbarlariga mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish, mahsuldorlikni oshirish, naslchilik ishlarini kengaytirish hamda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda faol ishtirok etish yuzasidan tavsiyalar berildi.





