Bo‘stonliq tumanida 20 MVt quvvatga ega Chorbog‘ shamol elektr stansiyasi ishga tushirildi
2026-08-20 17:25:00 / Yangiliklar

Bugungi kunda Yangi O‘zbekistonda energetika sohasini diversifikatsiya qilish, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan samarali foydalanish va “yashil iqtisodiyot” tamoyillarini hayotga keng tatbiq etish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan.
Ana shunday ezgu maqsadlar yo‘lida amalga oshirilayotgan yirik loyihalardan biri — Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida barpo etilgan 20 MVt quvvatga ega Chorbog‘ shamol elektr stansiyasidir.
Bugun mazkur shamol elektr stansiyasining ochilish marosimiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Yuy Tzyun (Yu Jun), Savdo-sanoat palatasi hamda energetika va qurilish sohalaridagi mutasaddi tashkilotlar vakillari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi mas’ullari, Energetika vazirligi rahbariyati, “O‘zbekgidroenergo” AJ Boshqaruvi raisi va mas’ul xodimlari, Bo‘stonliq tumani hokimi Jo‘rabek Axmedov, Toshkent viloyati va Bo‘stonliq tumani hokimliklari vakillari, hudud faollari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Mazkur loyiha O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi strategik sheriklik, o‘zaro ishonch va samarali hamkorlikning yana bir yorqin natijasidir. Loyihani amalga oshirish uchun Xitoy Hukumati tomonidan 28 million AQSH dollari miqdorida beg‘araz grant mablag‘i ajratildi.
Loyiha doirasida “O‘zbekgidroenergo” AJ tomonidan barcha tashkiliy, texnik va muhandislik ishlari belgilangan reja asosida bosqichma-bosqich amalga oshirildi. Qurilish-montaj ishlari, elektr tarmoqlariga ulash, muhandislik infratuzilmasini tayyorlash hamda zamonaviy shamol turbinalarini o‘rnatish ishlari to‘liq yakunlandi.
Chorbog‘ shamol elektr stansiyasida har biri 5 MVt quvvatga ega 4 ta zamonaviy shamol turbinasi o‘rnatilgan. Stansiyaning umumiy quvvati 20 MVt bo‘lib, yiliga 50 million kVt·soatgacha ekologik toza elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoniyatiga ega.
Bu qariyb 20 mingta xonadonning elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlash, elektr tarmoqlaridagi yuklamani kamaytirish va mamlakatimiz energetika tizimining barqarorligini yanada mustahkamlash imkonini beradi.
Shuningdek, stansiyaning faoliyati natijasida har yili katta miqdorda tabiiy gaz va ko‘mir tejalib, atmosferaga chiqariladigan issiqxona gazlari hajmi sezilarli darajada kamayadi. Bu esa ekologik barqarorlikni ta’minlash, uglerod izini qisqartirish va xalqaro iqlim majburiyatlarini bajarish borasidagi sa’y-harakatlarga munosib hissa qo‘shadi.
Chorbog‘ shamol elektr stansiyasining foydalanishga topshirilishi nafaqat energetika sohasidagi navbatdagi muhim yutuq, balki mamlakatimizda “yashil energiya” ulushini oshirish, ekologik barqarorlikni ta’minlash, investitsiyaviy hamkorlikni yanada mustahkamlash va aholini ekologik toza elektr energiyasi bilan ta’minlash yo‘lidagi muhim qadamdir.
Eng muhimi, mazkur zamonaviy inshoot O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan xalqimizga munosib tuhfa sifatida ishga tushirilmoqda.









