Tomorqa yer egalari va dehqon xo‘jaliklari uchun yangi imkoniyatlar
2026-07-17 17:45:00 / Yangiliklar

Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlikda “O‘zbekistonda tomorqa yer egalari va dehqon xo‘jaliklarining iqtisodiy salohiyati va samaradorligini mustahkamlash” loyihasini amalga oshirmoqda.
Loyiha tomorqa yer egalari va dehqon xo‘jaliklarining daromadlarini oshirish, qishloq hududlarida bandlik imkoniyatlarini kengaytirish hamda oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Mazkur loyiha doirasida Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi mas’ul xodimlari hamda Yevropa Ittifoqining Latviya Respublikasidan loyiha rahbari Ieva Jaunzeme boshchiligidagi delegatsiya Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumaniga tashrif buyurdi.
Tashrif davomida tumandagi qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ilg‘or tajribalar va mavjud imkoniyatlar bilan yaqindan tanishildi.
Xususan, “BO‘STONLIQ KARTOSHKACHILIK MARKAZI” MCHJda kartoshkaning serhosil navlarini yetishtirish, saqlash hamda yer maydonlarini takroriy ekin ekishga tayyorlash jarayonlari ko‘zdan kechirildi.
Shuningdek, “Escalodo Business” MCHJ faoliyati misolida malina, qulupnay va qorag‘at kabi rezavor mevalarni yetishtirishda suv resurslaridan oqilona foydalanish, zamonaviy suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar yuqori baholandi.









