Ijtimoiy xizmatlar sifati va samaradorligini oshirish ustuvor vazifa
2026-07-02 23:25:00 / Yangiliklar

Bugun Bo‘stonliq tumani hokimi J.Axmedov rahbarligida tuman “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi xodimlari ishtirokida joriy yilning o‘tgan davrida amalga oshirilgan ishlar sarhisobi hamda 2026-yil yakuniga qadar bajarilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan hisobot yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda markaz direktori A.Inagamov tomonidan aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan batafsil hisobot taqdim etildi. Jumladan, nogironligi bo‘lgan shaxslar, keksalar, yolg‘iz yashovchi fuqarolar, kam ta’minlangan oilalar hamda og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan fuqarolarga ko‘rsatilgan ijtimoiy xizmatlar va amaliy yordamlar, shuningdek, yil yakuniga qadar amalga oshirilishi rejalashtirilgan ustuvor vazifalar haqida ma’lumot berildi.
Hisobot davomida fuqarolarning murojaatlarini o‘z vaqtida va sifatli ko‘rib chiqish, ijtimoiy xizmatlarni manzilli tashkil etish, ehtiyojmand oilalarni aniqlash hamda ularning muammolarini tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda hal etish borasida olib borilayotgan ishlar atroflicha tahlil qilindi.
Tuman hokimi J.Axmedov amalga oshirilgan ishlar natijadorligini tanqidiy tahlil qilib, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish, ijtimoiy xizmatlar sifati va samaradorligini yanada oshirish, har bir murojaat bilan manzilli ishlash hamda fuqarolarni qiynayotgan muammolarni qisqa muddatlarda hal etish yuzasidan mas’ullarga aniq topshiriq va vazifalarni belgilab berdi.
Yig‘ilish yakunida ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish, xizmatlar qamrovi va sifatini oshirish, tizimda ochiqlik, mas’uliyat hamda samaradorlikni ta’minlash bo‘yicha belgilangan vazifalarni izchil amalga oshirish zarurligi alohida ta’kidlandi.







