V Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida Bo‘stonliq tumanida yirik investitsiya loyihalari bo‘yicha kelishuvlarga erishildi
2026-06-17 21:50:00 / Yangiliklar

Shu kunlarda poytaxtimizda bo‘lib o‘tayotgan V Toshkent xalqaro investitsiya forumining dastlabki ikki kunida Toshkent viloyati hokimligi, Bo‘stonliq tumani hokimligi hamda qator xorijiy investorlar o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan bir nechta memorandumlar imzolandi.
Jumladan:
➖Malayziyaning “Spora Global SND BHD” kompaniyasi bilan qiymati 400 million AQSH dollari bo‘lgan yirik savdo majmuasi va boshqa turizm obyektlarini barpo etish loyihasini amalga oshirish;
➖Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida faoliyat yurituvchi “B AND P INVEST GROUP” kompaniyasi bilan qiymati 15 million AQSH dollari bo‘lgan mehmonxona va turizm majmualarini qurish;
➖Ummon davlatining “OMAN INVESTMENT AUTHORITY” kompaniyasi bilan qiymati 100 million AQSH dollari bo‘lgan mehmonxona, dam olish maskanlari hamda boshqa infratuzilma obyektlarini barpo etish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Mazkur forumning ikki kuni davomida umumiy qiymati 515 million AQSH dollariga teng investitsiya loyihalari doirasida o‘zaro hamkorlik memorandumlari imzolandi.
Bu kelishuvlar Bo‘stonliq tumanining turizm salohiyatini yanada rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va hududga xorijiy investitsiyalarni keng jalb etishga xizmat qiladi.




