Rahbarlar va yoshlar uchrashuvi o‘tkazildi
2026-06-04 17:35:00 / Yangiliklar

Prezidentimiz tashabbusi bilan haftaning har payshanba kuni “Yoshlar kuni” etib belgilanishi mamlakatimizda yosh avlodga qaratilayotgan yuksak e’tiborning yana bir yorqin ifodasidir. Mazkur tashabbus yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning muammolarini o‘rganish, bandligini ta’minlash hamda bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.
Shu munosabat bilan bugun Bo‘stonliq tumani prokurori S.Xusayinov, Jinoyat ishlari bo‘yicha Bo‘stonliq tuman sudi raisi Sh.Axmedov hamda tuman IIB boshlig‘i A.Boymirzayev ishtirokida bitiruvchi o‘quvchilari va yoshlar bilan uchrashuv tashkil etildi.
Samimiy va ochiq muloqot tarzida o‘tgan uchrashuvda yoshlarga davlatimiz tomonidan yaratilayotgan imkoniyatlar, ta’lim olish, kasb-hunar egallash, tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun berilayotgan imtiyoz va preferensiyalar haqida batafsil ma’lumot berildi. Shuningdek, grantlar, imtiyozli kreditlar hamda yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan davlat dasturlarining mazmun-mohiyati tushuntirildi.
Muloqot davomida bitiruvchilarning kelajakdagi rejalari, kasb tanlash, oliy ta’limga kirish hamda bandlik masalalari yuzasidan fikr almashildi. Yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, mutasaddilardan batafsil javob va tavsiyalar oldilar.
Bunday uchrashuvlar yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirish, ularning huquqiy bilim va dunyoqarashini kengaytirish, eng muhimi, kelajakka bo‘lgan ishonchini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.








