Bo‘stonliq tumanida kartoshka yetishtirish va urug‘chilikni rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan ko‘rgazmali seminar o‘tkazildi
2026-06-01 17:35:00 / Yangiliklar

Bugun Bo‘stonliq tumanida kartoshkachilik sohasini yanada rivojlantirish, zamonaviy agrotexnologiyalarni keng joriy etish hamda sifatli urug‘chilik tizimini takomillashtirish masalalariga bag‘ishlangan ko‘rgazmali seminar tashkil etildi. Seminarda Toshkent viloyatining barcha tumanlaridan tashrif buyurgan qishloq xo‘jaligi sohasi mutaxassislari, fermerlar va mas’ul tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Tadbir tumandagi “BO‘STONLIQ KARTOSHKACHILIK MARKAZI” MCHJ hududida bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari J.Abdizuxurov, Qishloq xo‘jaligi vazirligi Meva-sabzavotchilik boshqarmasi boshlig‘i Z.Artikov, Respublika ishchi guruhi vakillari, Toshkent viloyati qishloq xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari R.Norbo‘tayev, “BO‘STONLIQ KARTOSHKACHILIK MARKAZI” MCHJ ta’sischisi A.Toxirov, Bo‘stonliq tumani hokimi o‘rinbosari B.Turapov hamda soha mutaxassislari qatnashdi.
Seminar davomida ishtirokchilar markaz faoliyati bilan yaqindan tanishib, kartoshka ekin maydonlarida amalga oshirilayotgan agrotexnik tadbirlar, zamonaviy sug‘orish va parvarishlash usullari, kasallik hamda zararkunandalarga qarshi kurashish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar bilan tanishdilar. Shuningdek, yuqori hosildor va eksportbop kartoshka navlarini yetishtirish, ularni hududlar kesimida keng ommalashtirish hamda sifatli urug‘lik bazasini shakllantirish borasida amalga oshirilayotgan loyihalar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Tadbirda kartoshkachilik tarmog‘ini rivojlantirishda ilmiy yondashuvlarning ahamiyati, innovatsion texnologiyalarni joriy etish, hosildorlik va mahsulot sifatini oshirish, urug‘chilik tizimini yanada takomillashtirish masalalari muhokama qilindi. Mutaxassislar tomonidan sohada to‘plangan ilg‘or tajribalar, samarali agrotexnik yechimlar hamda kartoshka yetishtirishning zamonaviy usullari yuzasidan taqdimotlar o‘tkazildi.
Seminar yakunida ishtirokchilar o‘rtasida o‘zaro tajriba almashilib, kartoshkachilikni rivojlantirish, sifatli urug‘lik yetishtirish hajmini kengaytirish, fermer va agrofirmalarni qo‘llab-quvvatlash hamda tarmoqning iqtisodiy samaradorligini oshirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi.
Mazkur ko‘rgazmali seminar kartoshkachilik sohasida ilg‘or tajribalarni ommalashtirish, hududlarda sifatli urug‘chilik tizimini rivojlantirish va aholini sifatli qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan ta’minlash yo‘lidagi muhim tadbirlardan biri bo‘ldi.









