Yoshlar bilan ishlashdagi ustuvor vazifalar muhokama markazida
2026-05-21 19:10:00 / Yangiliklar

Bugun tuman hokimi J.Axmedov, tuman prokurori S.Xusayinov, tuman IIB boshlig‘i A.Boymirzayev hamda tuman soliq inspeksiyasi boshlig‘i Y.Artikbayev boshchiligida yoshlar yetakchilari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi.
Tanqidiy-tahliliy ruhda o‘tgan yig‘ilishda hududlarda yoshlar bilan olib borilayotgan ishlar atroflicha muhokama qilinib, mavjud muammolar va yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar tahlil qilindi.
Xususan, yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning bandligini ta’minlash, kasb-hunarga yo‘naltirish, tadbirkorlikka jalb etish hamda moddiy va ma’naviy ko‘mak ko‘rsatish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan yoshlar yetakchilarining hisobotlari tinglandi.
Yig‘ilish davomida migratsiyada bo‘lgan yoshlar bilan manzilli ishlash, “og‘ir” toifadagi ishsiz yoshlarni nazoratga olib, ularni band qilish choralarini kuchaytirish, “otaliqqa olingan” yoshlar bilan individual ishlash tizimini yanada samarali tashkil etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, ijtimoiy profilaktika xulosalari asosida yoshlar orasida uchrayotgan muammolarni bartaraf etish, ularni turli salbiy illatlardan asrash yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.
Yoshlar o‘rtasida jinoyatchilikning oldini olish, giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar iste’moliga qarshi kurashish, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish bo‘yicha olib borilayotgan profilaktik tadbirlar ham muhokama markazida bo‘ldi.
Bu borada mahallalarda targ‘ibot va tushuntirish ishlarini kuchaytirish, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, sport va madaniy tadbirlarga keng jalb etish zarurligi ta’kidlandi.
Yig‘ilish yakunida yoshlar yetakchilarining faoliyat samaradorligini oshirish, har bir murojaat va muammoni manzilli o‘rganish, vazifalarga mas’uliyat bilan yondashish hamda natijadorlikni ta’minlash bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berildi.









