Energiya samaradorligi va “yashil iqtisodiyot” bo‘yicha seminar o‘tkazildi
2026-05-01 19:20:00 / Yangiliklar

“Bo‘stonliqtumangaz” gaz ta’minoti bo‘limida Toshkent viloyati hokimi o‘rinbosari Sh.Mahmudov boshchiligida energiya samaradorligini oshirish, “yashil iqtisodiyot” tamoyillarini joriy etish va muqobil energiya manbalaridan foydalanishga bag‘ishlangan o‘quv-amaliy seminar o‘tkazildi.
Seminarda prokuratura xodimlari, elektr tarmoqlari, gaz ta’minoti va energiya nazorati idoralari rahbarlari, korxona va tashkilotlar vakillari hamda mahalla faollari ishtirok etdi.
Tadbirda energiya tejamkor texnologiyalar taqdim etilib, ularning iqtisodiy samaradorligi muhokama qilindi. Ishtirokchilarga quyosh panellari, geokollektorlar va boshqa muqobil manbalardan foydalanish, shuningdek mavjud subsidiya va imtiyozlar haqida ma’lumot berildi.
Amaliy ko‘rgazmalar orqali texnologiyalarning afzalliklari tushuntirilib, energiyani tejashni keng targ‘ib etish va undan oqilona foydalanish madaniyatini shakllantirish zarurligi ta’kidlandi.









