Bo‘stonliqda bitiruvchi yoshlar bilan ochiq muloqot o‘tkazildi
2026-04-23 20:55:00 / Yangiliklar

Prezidentimiz tashabbusi bilan haftaning har payshanba kuni “Yoshlar kuni” etib belgilanishi mamlakatimizda yosh avlodga qaratilayotgan yuksak e’tiborning yana bir yorqin ifodasidir. Mazkur tashabbus yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning muammolarini o‘rganish, bandligini ta’minlash hamda bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.
Ushbu topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida bugun Bo‘stonliq tumani hokimi Jo‘rabek Axmedov boshchiligida Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi Bo‘stonliq tumani ixtisoslashtirilgan maktabi bitiruvchi o‘quvchilari bilan ochiq va samimiy uchrashuv tashkil etildi.
Uchrashuv davomida yoshlar bilan bevosita muloqot olib borilib, Prezidentimiz tomonidan yoshlarga yaratilayotgan keng imkoniyatlar, mavjud imtiyoz va preferensiyalar, ayniqsa, ta’lim olish, kasb-hunar egallash hamda tadbirkorlik faoliyatini boshlash borasidagi yengilliklar haqida batafsil tushuntirishlar berildi. Shuningdek, davlat tomonidan ajratilayotgan grantlar, kreditlar va boshqa qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari xususida ham atroflicha ma’lumotlar taqdim etildi.
Suhbat jarayonida o‘quvchi-yoshlarning kelgusidagi maqsad va rejalari, kasb tanlashdagi ustuvor yo‘nalishlari, oliy ta’lim muassasalariga kirish istaklari hamda ularning bandligini ta’minlash bilan bog‘liq masalalar keng muhokama qilindi. Yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga batafsil javoblar oldilar, mavjud muammolari yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar.
Uchrashuv yakunida mas’ul rahbarlarga yoshlar tomonidan ko‘tarilgan masalalarni tizimli o‘rganish, ularni hal etish yuzasidan aniq choralar ko‘rish hamda har bir murojaatni nazoratga olish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi.
Bunday ochiq muloqotlar yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirish, ularning kelajakka bo‘lgan ishonchini mustahkamlash hamda jamiyatda o‘z o‘rnini topishiga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.









