Ajrim yoqasidagi va nizoli oilalar bilan profilaktik tadbir o‘tkazildi
2026-04-23 20:50:00 / Yangiliklar

Bugun tuman hokimligi binosida “Tuman oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash komissiyasi” tomonidan har payshanba kuni an’anaviy tarzda ajrim yoqasida turgan va nizoli holatdagi oilalar bilan navbatdagi profilaktik uchrashuv tashkil etildi.
Mazkur uchrashuvda jami 15 ta oila ishtirok etdi. Suhbat va tushuntirish ishlari natijasida ularning 6 tasi yarashtirilib, oilaviy munosabatlarni tiklash bo‘yicha ijobiy natijalarga erishildi. Natijada 11 nafar bola yana ota-onasi bag‘rida tarbiya topadigan bo‘ldi. Qolgan oilalarga esa vaziyatni yanada chuqur o‘rganish hamda puxta o‘ylangan qarorga kelishlari uchun keyingi profilaktik uchrashuvga qadar muhlat berildi.
Uchrashuv davomida oila muqaddasligi, farzandlarning ota-onaga bo‘lgan ishonchi, er-xotin o‘rtasidagi munosabatlarda o‘zaro hurmat va mas’uliyatning muhim ahamiyati yuzasidan keng qamrovli tushuntirish va targ‘ibot ishlari olib borildi.





