Ayollar va bolalar huquqlarini himoya qilish — ustuvor vazifa
2026-04-18 14:25:00 / Yangiliklar

Ayollar va bolalar huquqlarini himoya qilish — ustuvor vazifa
Bugun Bo‘stonliq tumanida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 3-martdagi 33-sonli Farmoni mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi. Tadbirning asosiy maqsadi — jamiyatda ayollar va bolalar huquqlarini ta’minlash, ularni har qanday zo‘ravonlikdan himoya qilishga qaratilgan ustuvor vazifalarni keng jamoatchilikka yetkazishdan iborat bo‘ldi.
Tadbirda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi ekspert kengashi a’zosi, professor J.Shermuhammedova, tuman hokimi o‘rinbosari L.Shodiyeva, tuman IIB JXX xotin-qizlar masalalari bo‘yicha katta inspektori, podpolkovnik M.Daurbaeva, shuningdek, tegishli mutasaddi tashkilotlar vakillari ishtirok etdilar.
So‘zga chiqqanlar Farmonning mazmun-mohiyati, unda belgilangan ustuvor yo‘nalishlar hamda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar haqida batafsil ma’lumot berdilar. Xususan, ayollar va bolalarning huquqiy himoyasini kuchaytirish, ularni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini kengaytirish, oiladagi ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish hamda zo‘ravonlikka qarshi kurashishda davlat va jamoatchilik hamkorligini mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbir davomida Farmonda belgilangan yangiliklar va ularning amaliy ahamiyati aniq misollar asosida tushuntirib berildi.
Targ‘ibot tadbiri ochiq muloqot tarzida tashkil etilib, ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan atroflicha javob oldilar. Ta’kidlanganidek, bunday uchrashuvlar aholining huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish, ayniqsa, ayollar va bolalar huquqlarini himoya qilish borasidagi islohotlarning mazmunini chuqur anglashga xizmat qiladi.





