Yoshlar bilan ochiq muloqot tashkil etildi
2026-03-12 23:05:00 / Yangiliklar

Davlatimiz rahbari tomonidan yoshlar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ularning bilim olishi, kasb-hunar egallashi hamda o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun keng imkoniyatlar yaratish borasida belgilab berilgan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida tumanda tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, har payshanba kuni o‘tkazilishi belgilangan “Rahbar va yoshlar” uchrashuvlari doirasida bugun tuman prokurori S.Xusayinov, Toshkent viloyati IIBB 1-mintaqaviy markazi boshlig‘i o‘rinbosari O.Nurmetov hamda tuman IIB boshlig‘i A.Boymirzayev ishtirokida 3-sonli umumta’lim maktabining yuqori sinf o‘quvchilari bilan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida Prezidentimiz tomonidan yoshlarga berilayotgan imtiyoz va preferensiyalar, yaratilayotgan keng imkoniyatlar, ta’lim hamda tadbirkorlik sohasidagi yangiliklar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Shuningdek, suhbat jarayonida o‘quvchi-yoshlarning kelgusidagi rejalari, kasb tanlash, oliy ta’lim muassasalariga kirish hamda ularning bandligini ta’minlash masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Uchrashuv so‘ngida yoshlar o‘rtasida giyohvandlik va psixotrop moddalarning salbiy oqibatlari, ularning inson salomatligi va kelajagiga yetkazadigan zararli ta’siri haqida tushuntirish ishlari olib borilib, bu borada tayyorlangan videolavha namoyish etildi.









