Rahbarlar va yoshlar uchrashuvi o‘tkazildi
2026-03-05 20:10:00 / Yangiliklar

Prezidentimiz tashabbusi bilan haftaning har payshanba kuni “Yoshlar kuni” etib belgilanishi mamlakatimizda yosh avlodga qaratilayotgan yuksak e’tiborning yana bir yorqin ifodasidir. Ushbu tashabbus yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning muammolarini o‘rganish, bandligini ta’minlash hamda bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Yuqoridagi topshiriq ijrosini ta’minlash maqsadida bugun tuman hokimi Jo‘rabek Axmedov boshchiligida tumanimiz yoshlari bilan navbatdagi uchrashuv tashkil etildi.
Uchrashuv avvalida muhtaram Prezidentimiz tomonidan yoshlarga berilayotgan imtiyoz va preferensiyalar, yaratilayotgan keng imkoniyatlar, ta’lim va tadbirkorlik sohasidagi yangiliklar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Samimiy muloqot davomida yoshlarning bandligini ta’minlash, subsidiya va kreditlardan foydalanish, yer maydonlarini olish, shuningdek tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun yaratilgan imtiyozlar kabi masalalar muhokama qilindi.









