Bo‘stonliq tumanida “Men kuchli ayolman” maxsus profilaktik tadbirining 5-mavsumi boshlandi
2026-02-27 20:15:00 / Yangiliklar

Bo‘stonliq tumanida “Biz qo‘llab-quvvatlaymiz, ishonch bag‘ishlaymiz” shiori ostida “Men kuchli ayolman” maxsus profilaktik tadbirining 5-mavsumiga start berildi. Mazkur tadbir 25-fevraldan 25-martga qadar davom etadi.
Oylik doirasida tumanda yashovchi, ichki ishlar organlarida profilaktik hisobda turuvchi, nosog‘lom muhitda istiqomat qilayotgan hamda tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarni sog‘lom hayotga qaytarish, ularni ijtimoiy himoya qilish va mavjud muammolarini bartaraf etish maqsadida qator amaliy tadbirlar amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Tadbirlar doirasidagi navbatdagi uchrashuv “Livingstone” dam olish maskanida tashkil etildi. Unda tuman hokimi o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i L.Shodiyeva, tuman IIB vakillari, psixolog hamda tibbiyot xodimlari ishtirok etdi.
Uchrashuvlar davomida xotin-qizlarning huquqiy savodxonligini oshirish, ularni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, shuningdek, mavjud muammolarini o‘rganib, ularga amaliy yordam ko‘rsatish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Mazkur tashabbus jamiyatda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularning ijtimoiy faolligini oshirish hamda sog‘lom va barqaror muhitni shakllantirishga xizmat qiladi.









