Qishloq xo‘jaligi va chorvachilik sohasidagi dolzarb masalalar muhokama qilindi
2026-02-06 23:43:00 / Yangiliklar

Bugun tuman hokimi J.Axmedov, tuman prokurori S.Xusayinov, tuman soliq inspeksiyasi boshlig‘i Z.Zokirovlar boshchiligida qishloq xo‘jaligi bo‘limlari rahbarlari, fermerlar, chorvachilik yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan xo‘jaliklar hamda sohaga aloqador mas’ullar ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda qishloq xo‘jaligi sohasida amalga oshirilgan ishlar, jumladan joriy yil hosiliga tayyorgarlik ko‘rish, ekinlarni to‘g‘ri joylashtirish, agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli bajarish, yer va suv resurslaridan oqilona foydalanish masalalari bilan bir qatorda chorvachilik va baliqchilik yo‘nalishlari ham tanqidiy-tahliliy muhokama qilindi.
Xususan, qoramolchilik, qo‘ychilik va baliqchilik yo‘nalishlariga davlat tomonidan qator imtiyoz va preferensiyalar berilayotganiga qaramay, ushbu sohalarda tumanda ilmiy yondashuv yetarli darajada qo‘llanilmayotgani hamda innovatsiyalardan samarali foydalanilmayotgani ta’kidlandi.
Shuningdek, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, hosildorlikni oshirish, mahsulot yetishtirish hajmlarini barqarorlashtirish, faoliyatni legallashtirish hamda soliq va boshqa majburiy to‘lovlarni o‘z vaqtida va to‘liq amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.









