Bo‘ka tumanida kuzgi shudgorlash ishlari yuzasidan seminar o‘tkazildi
2026-10-23 17:00:00 / Yangiliklar

Seminarda tuman hokimi M.Abdazimov, Toshkent viloyati Fermerlar kengashi raisi Sh.Do‘stbekov, viloyat qishloq xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o'rinbosari R.Norbo‘tayev, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi Toshkent viloyati boshqarmasi boshlig‘i S.Sodiqov, shuningdek, Bo‘ka, Bekobod va Piskent tumanlaridagi qishloq xo‘jaligi korxonalari rahbarlari, hududlar mas’ullari hamda fermer xo‘jaliklari rahbarlari ishtirok etdi.
Seminar davomida mutaxassislar tomonidan kuzgi shudgorlash ishlarini o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish, yerning meliorativ holatini yaxshilash, tuproq unumdorligini saqlash hamda kelgusi mavsumda mo‘l hosil yetishtirish uchun zarur agrotexnik tadbirlarni bajarish yuzasidan tavsiyalar berildi.
Shuningdek, yer maydonlarini shudgorlashda agrotexnik talablariga qat’iy rioya qilish, qishloq xo‘jaligi texnikalaridan samarali foydalanish, ishlarni belgilangan muddatlarda yakunlash va yo‘l qo‘yilishi mumkin bo‘lgan kamchiliklarning oldini olish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Seminar yakunida fermer xo‘jaliklari rahbarlari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga soha mutaxassislaridan batafsil javoblar oldilar. Bildirilgan tavsiya va ko‘rsatmalar kuzgi shudgorlash ishlarini sifatli tashkil etish hamda kelgusi yil hosili uchun mustahkam zamin yaratishga xizmat qiladi.









