Bo'kada ilg'or paxtachilik tajribasi namoyish etildi
2026-10-08 10:50:00 / Yangiliklar

Xalqaro delegatsiya vakillarini Toshkent viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari X.Qoraboyev, tuman hokimi M.Abdazimov, viloyat Fermerlar Kengashi raisi Sh.Do‘stbekov, tuman IIB boshlig‘i A.G‘ulomov hamda «Agroxizmatlar markazi» (AKIS) vakillari boshchiligidagi mas’ullar kutib oldi.
Dastlab B.Umarov hududidagi "Yosh Sunnatilla" va "Azizova Shohida" fermer xo‘jaliklarining dala maydonlarida yetishtirilgan Xitoy (Shin Lu Zong 87) va Ispan (Novella) navli paxta hosili ko‘zdan kechirildi.
Mehmonlar paxta navlarining xususiyatlari, yetishtirish agrotexnologiyasi va hosildorlik ko‘rsatkichlari bilan qiziqdilar. O‘zlarini qiziqtirgan savollarga soha mutaxassislari hamda fermer xo‘jaliklari rahbarlaridan batafsil ma’lumot oldilar. Shuningdek, zamonaviy paxta terish kombaynida hosilni yig‘ib olish jarayonida bevosita ishtirok etdilar.
Shundan so‘ng Navoiy hududidagi "Xurram Rustam" fermer xo‘jaligi dala maydonida yetishtirilgan paxta hosili bilan tanishilib, plyonka ostida paxta yetishtirish texnologiyasi yuzasidan ma’lumot berildi.
Mazkur amaliy jarayonlarda O'zbekistonda, jumladan Bo‘ka tumanida paxtachilikni rivojlantirish, zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish hamda yuqori hosildorlikka erishish borasida amalga oshirilayotgan ishlar namoyish etildi.









