Bo‘ka tumanida yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish bo‘yicha amaliy ishlar davom etmoqda
2026-09-15 14:25:00 / Yangiliklar

Bugun “Istiqlol dehqon bozori” MChJ hududida ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar doirasida loyihalar taqdimoti o‘tkazildi.
Unda Prezident Administratsiyasi mas’ul xodimi, tuman hokimi M.Abdazimov, tuman prokurori Sh.Zunnurboyev, IIB, Milliy gvardiya, kadastrlar palatasi tuman filiali, favqulodda vaziyatlar bo'limi vakillari, shuningdek, bozor ma'muriyati vakillari ishtirok etdi.
Taqdimotda bozor hududida tadbirkorlarga ham xaridorlarga ham har tomonlama qulay muhit yaratish, tadbirkorlik faoliyatini qonuniylashtirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, savdo va xizmat ko‘rsatish sohalarini rivojlantirish, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish hamda yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirishga qaratilgan loyihalar ko‘rib chiqildi.
Mas’ullar tomonidan loyihalarning mazmun-mohiyati, iqtisodiy samaradorligi, yaratiladigan ish o‘rinlari hamda hudud rivojiga qo‘shadigan hissasi yuzasidan taqdimotlar qilindi.
Tadbir davomida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash, istiqbolli loyihalarni amaliyotga joriy etish va tadbirkorlik subyektlarini qonuniy faoliyatga jalb qilish bo‘yicha mas’ullarga tegishli vazifalar belgilandi.









