Xonadonma-xonadon muammolar o‘rganilib, yechimlar belgilanmoqda
2026-09-12 14:50:00 / Yangiliklar

Bo‘ka tumani hokimi M.Abdazimov “Sanoatqurilishbank” OATB Toshkent viloyati filiali boshqaruvchisi B.Abdiyev va tegishli mas'ullar bilan birgalikda Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan xonadonlarda bo‘lib, oilalarning yashash sharoiti, mavjud muammolari, bandligi va daromad manbalarini o‘rgandi.
Oilalar bilan bevosita muloqot davomida ularning ehtiyojlari va mavjud imkoniyatlari atroflicha o‘rganilib, daromadlarini oshirish, bandligini ta’minlash, tadbirkorlik va mehnat faoliyatini yo‘lga qo‘yish hamda mavjud muammolarini hal etish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.
Ayniqsa, oilalarning o‘z imkoniyat va salohiyatidan kelib chiqib, barqaror daromad manbalarini yaratish, kasb-hunarga yo‘naltirish, tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash hamda moliyaviy imkoniyatlardan samarali foydalanish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
O‘rganishlar yakuni bo‘yicha aniqlangan har bir muammo yuzasidan tegishli mas’ullarga aniq vazifalar belgilab berildi. Belgilangan topshiriqlarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi, oilalarning daromadlarini oshirish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar hamda muammolarning amaliy yechimi tuman hokimi tomonidan shaxsan nazoratga olinishi ta’kidlandi.
Asosiy maqsad — har bir oilaga individual yondashuv asosida uning imkoniyatlarini ishga solish, barqaror daromad manbaini shakllantirish va munosib turmush sharoitini ta’minlashdir.





