Nuroniylar ishtirokida mahalladagi oilalar holati o‘rganildi
2026-09-12 12:05:00 / Yangiliklar

“Nuroniy” jamg‘armasi Toshkent viloyati bo‘limi boshlig‘i A.Nosirov jamg'armaning Bo'ka tumani bo'limi boshlig'i A.Akmalov va faol nuroniylar bilan birgalikda tumandagi Achamayli mahallasida bo‘lib, hududda nuroniylarning jamiyatdagi faolligini oshirish, oilalar bilan ishlash hamda aholi o‘rtasida o‘zaro mehr-oqibat va hamjihatlikni mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 3-sentyabr kuni kambag‘allikni qisqartirish va aholi daromadlarini oshirish bo‘yicha ishlarni yangi bosqichga olib chiqish masalalari yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida mahalladagi xonadonlar xonadonbay o‘rganib chiqildi.
Jarayonda nuroniylar har bir oila bilan bevosita muloqot qilib, ularning ijtimoiy-iqtisodiy holati, turmush sharoiti, bandligi, daromad manbalari, oilaviy muhitidagi mavjud muammolar hamda qo‘llab-quvvatlashga bo‘lgan ehtiyojlarini atroflicha o‘rgandilar.
Shuningdek, hayotiy tajribaga ega nuroniylarning oilalar bilan ishlashdagi imkoniyatlaridan samarali foydalanish, mahallada ahillik va hamjihatlik muhitini mustahkamlash, yoshlarni kasb-hunar va mehnatga yo‘naltirish, oilaviy qadriyatlarni asrash hamda ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
O‘rganishlar natijasida har bir oilaning holatidan kelib chiqib, tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda hal etilishi lozim bo‘lgan masalalar belgilab olindi.
Jumladan, ishsiz fuqarolarni bandlikka yo‘naltirish, kasb-hunarga o‘qitish, oilalarning daromad manbalarini kengaytirishga ko‘maklashish, tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, ijtimoiy ko‘makka muhtoj oilalarni tegishli mutasaddi tashkilotlarga yo‘naltirish bo‘yicha amaliy vazifalar belgilandi.
Asosiy maqsad — har bir oilaning muammosini aniqlash bilangina cheklanib qolmasdan, uni tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda hal etishga ko‘maklashish, oilalarda barqarorlik va farovonlikni ta’minlashdir.
Bu borada nuroniylarning hayotiy tajribasi, mahalladagi obro‘-e’tibori va jamoatchilikdagi faolligidan samarali foydalanish, yoshlar tarbiyasi, oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash, ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash hamda mahallada tinchlik va totuvlik muhitini qaror toptirishga qaratilgan ishlar izchil davom ettiriladi.





