Bo‘ka tumanida hokimlik soati yig‘ilishi o‘tkazildi
2026-08-24 10:50:00 / Yangiliklar

Unda tuman prokurori Sh.Zunnurboyev, tuman IIB boshlig‘i A.G‘ulomov, soliq inspeksiyasi boshlig‘i Sh.Xazratov, hokim o‘rinbosarlari, korxona va tashkilotlar rahbarlari, mahalla raislari hamda ijtimoiy xodimlar ishtirok etdi.
Kun tartibidagi masalalar
Yig‘ilishda 2026-yil Investitsiya dasturiga kiritilgan maktablarda qurilish ishlarini yakunlash, obyektlarni belgilangan tartibda qabul qilish va zarur jihozlarni yetkazib berish masalalari ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, maktablarga jihozlarni o‘z vaqtida yetkazib berish maqsadida tanlov g‘oliblarini aniqlash, qabul qilish dalolatnomalari rasmiylashtirilgan ta’lim muassasalaridan boshlab yetkazib berish grafiklarini tasdiqlash va uning ijrosini ta’minlash bo‘yicha vazifalar belgilandi.
Kun tartibidan Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 20-avgustdagi 449-son qarori ijrosini ta’minlash, texnikumlarda o‘rta bo‘g‘in kadrlarini tayyorlash hamda bitiruvchilar bandligini ta’minlashda buyurtmachilar ishtirokini kengaytirish masalalari ham o‘rin oldi.
Yig‘ilishda davlat rahbari ishtirokida 1-iyun kuni o‘tkazilgan madaniyat, san’at va adabiyot sohasi vakillari bilan uchrashuvda berilgan topshiriqlar hamda 2-iyundagi PF-103-son Farmon asosida ijodiy birlashmalar faoliyatini rivojlantirish va belgilangan 21 ta yo‘nalish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi.
Bundan tashqari, ijtimoiy soha va aholiga ko‘mir yetkazib berishdagi mavjud kamchiliklarni bartaraf etish, ehtiyojmand aholini zarur yoqilg‘i bilan ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Toshkent viloyatida “Ijtimoiy reestr”ga kiritilgan, I guruh nogironligi bo‘lgan hamda mehnatga layoqatli oila a’zolari mavjud bo‘lmagan oilalar xonadonlarini yashil ta’mirlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarning holati ham tahlil qilindi.
Shu bilan birga, mahalliylashtirish dasturi ijrosini ta’minlash, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish va milliy kontent ulushini oshirish bo‘yicha amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar belgilab olindi.
Yig‘ilishda “Dolzarb 40 kunlik” doirasida amalga oshirilayotgan ishlar, mavjud muammolar va ularni bartaraf etish choralari ham atroflicha ko‘rib chiqildi.
Kun tartibidagi masalalar yuzasidan mas’ullarning axborotlari tinglanib, aniqlangan kamchiliklar tahlil qilindi.
Yig‘ilish yakunida tuman hokimi tomonidan mas’ullarga tegishli topshiriq va ko‘rsatmalar berilib, ijro uchun aniq vazifalar hamda ularni amalga oshirish muddatlari belgilab berildi.




