Fuqarolar murojaatlari – doimiy e'tiborda
2026-08-03 14:50:00 / Yangiliklar
Bugun, 3-avgust kuni tasdiqlangan reja-grafikka muvofiq Bo‘ka tumani hokimining birinchi o‘rinbosari O.Hamdamov hamda Xalq deputatlari Bo‘ka tumani Kengashi kotibiyati mudiri A.Nishonov tomonidan Bo‘ka tumani Xalq qabulxonasida fuqarolar uchun navbatdagi shaxsiy qabul tashkil etildi

Qabul davomida tumanning turli hududlaridan tashrif buyurgan fuqarolarning murojaatlari tinglanib, ularning bank-kredit, bandlikni ta'minlash, tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy yordam, kommunal xizmatlar hamda boshqa dolzarb masalalar yuzasidan bildirgan taklif va muammolari atroflicha ko‘rib chiqildi.
Har bir murojaat yuzasidan amaldagi qonunchilik talablari asosida huquqiy tushuntirishlar berildi. Qo‘shimcha o‘rganishni talab etadigan masalalar bo‘yicha tegishli tashkilot va mas'ullarga aniq topshiriqlar berilib, ularning ijrosi nazoratga olindi.
Fuqarolar bilan ochiq muloqot qilish, ularning muammolarini joyida o‘rganish va imkon qadar tezkor hal etish, aholi manfaatlarini ta'minlash hamda davlat organlariga bo‘lgan ishonchni yanada mustahkamlash bunday qabullarning asosiy maqsadi hisoblanadi.
Bo‘ka tumani hokimligida fuqarolar murojaatlari bilan ishlash, ularning qonuniy manfaatlarini himoya qilish va dolzarb masalalariga amaliy yechim topish ustuvor vazifalardan biri sifatida izchil davom ettirilmoqda.




